30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil qilingan matbuot anjumanida “O‘zbektelekom” AK UZINFOCOM Markazi bilan hamkorlikda xavfsiz va foydali kontentga ega «ZiyoNET» tarif rejalarini ishga tushirgani ma’lum qilindi.
Qayd etilganidek, yoshlar tarbiyasi va internetning naqadar ahamiyatga molik masala ekanini so‘nggi vaqtda MDH davlatlarida keng tarqayotgan turli nomdagi “suiqasd guruhlari”ning tahdidi misolida ham ko‘rish mumkin. Natijada, ota-onalar farzandlarini bu kabi ta’sirlardan himoya qilish uchun ularning Internetdan foydalanishlarini cheklab qo‘yishni ma’qul ko‘rishmoqda. Qarabsizki, bola Internet tarmog‘ining foydali jihatlari, ya’ni bilimlarini boyitish, o‘zini qiziqtirgan mavzularda tajriba almashish va ma’lumotlar olish, bu yo‘nalishdagi jahon hamda mahalliy miqyosidagi so‘nggi yangiliklar bilan tanishish, shuningdek o‘zidagi iqtidorini namoyish etishga xizmat qiladigan ta’limiy resurslar, elektron kutubxonalardan foydalanish imkoniyatidan ham mahrum bo‘ladi.
Ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodga Internet tarmog‘ida qulay, xavfsiz muhit yaratish, ta’lim va bilim beruvchi resurslardan yagona nuqtadan foydalanishlarini tashkil qilish orqali sog‘liklari va rivojlanishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborot hamda kiber-xurujlardan himoya qilish maqsadida, “O‘zbektelekom” AK tomonidan maxsus tarif rejalari turkumi va qo‘shimcha xizmatlar joriy qildi.
Endi kompaniya internet foydalanuvchilari «ZiyoNET» tarif rejasining 12 so‘mdan 25 ming so‘mgacha bo‘lgan xizmatlariga ulanib, farzandlariga hozircha 3 mingga yaqin saytni o‘z ichiga olgan Yagona axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini berishadi. Mazkur ro‘yxatdan ilmiy-ta’limiy, ma’naviy-ma’rifiy va bolaning yetuk va sog‘lom bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladigan boshqa milliy va xalqaro Internet sahifalari o‘rin olgan. Bu orqali bolalarning Internetdagi xavflardan himoyalanishi, turli buzg‘unchi va g‘oyaviy nobop saytlarga kirishi kafolatlanadi. Shuningdek, ota-onalar ro‘yxatga o‘zlari ma’qul topgan, bolalar uchun qiziqarli saytlarni kiritish bo‘yicha taklif ham berishlari mumkin.
Ushbu tarif rejalarini ishlab chiqishda uning nafaqat yoshlar uchun foydali, shuningdek ko‘rsatiladigan xizmatlarning hammabop – qulay narxda bo‘lishiga ham alohida urg‘u qaratilgan. Misol uchun, 12 ming so‘mlik tarifda 3000 MB trafik beriladi. Shu bilan birga, o‘zimizning Milliy domenlardan foydalanganlik uchun megabayt sarflanmaydi. 25 ming so‘mlik tarifda esa, kompaniya «ZiyoNET» tarifidagi saytlardan cheklanmagan miqdorda foydalanish imkonini beradi.