Bilasizmi?

O‘zbekistonda chet el fuqarosini farzandlikka olish tartibiga aniqlik kiritildi

O‘zbekiston fuqarolari tomonidan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan bolani farzandlikka olish tartibiga aniqlik kiritildi. Bu haqda Norma'ga asoslanib Daryo.uz xabar bermoqda.

O‘zbekiston Konsullik nizomiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, konsul xorijda yashovchi O‘zbekiston fuqarolarining boshqa davlat fuqarosi yoki o‘sha davlatda doimiy yashash joyiga ega fuqaroligi bo‘lmagan bolani farzandlikka olishga ruxsat berish yuzasidan arizalarini Tashqi ishlar vazirligiga yetkazish choralarini ko‘radi.

Bola yetim yo farzandlikka oluvchilar (farzandlikka oluvchi)ning yaqin qarindoshi yoki vatanida turli sabablarga ko‘ra asrab olinishining imkoni bo‘lmaganida farzandlikka olinishiga ruxsat beriladi. Bolani farzandlikka olinishida O‘zbekiston mas’ul idorasining uni mamlakatga kirishi va doimiy istiqomat qilishiga ruxsati talab etiladi.

Xorijiy davlat mas’ul idorasi tomonidan amalga oshirilgan farzandlikka olish O‘zbekistonda farzandlikka oluvchi shaxslarga qo‘yiladigan talablarga rioya etilgan, shuningdek, turmush o‘rtog‘ining bolani asrab olishga roziligi bo‘lgan taqdirda haqiqiy deb topiladi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunning o‘zgartirish kiritilgan 26-moddasiga asosan, O‘zbekiston fuqarolari (yoki fuqaroligi bo‘lgan er-xotinning biri) tomonidan farzandlikka olingan chet el fuqarosi xorijiy davlat fuqaroligidan chiqqan taqdirdagina O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinishi belgilab qo‘yildi.