Bilasizmi?

O‘zbekistonda o‘quvchilarni birinchi sinfga qabul qilish va boshqa maktabga ko‘chirish tartibi o‘zgartirildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida ta’lim tizimi rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda inson resurslarini rivojlantirish poydevori bo‘lgan, yoshlarda bilim, dunyoqarash va ma’naviyat asoslarini shakllantiruvchi umumiy o‘rta ta’lim tizimini tubdan isloh qilish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Prezident tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir qator vazifalar belgilab olinganligini ta’kidladi. Xalq ta’limi tizimida yillar davomida yig‘ilib kelgan muammolarni hal qilish uchun 3-4 yilda amalga oshirilishini rejalashtirilgan «Yo‘l xaritasi»da quyidagilarga alohida e’tibor qaratilishini bildirdi.

O‘qituvchining jamiyatdagi mavqeini oshirish bo‘yicha:

1. O‘rta ta’lim tizimidagi oylik maoshlarini oshirish;

2. O‘qituvchi va xalq ta’limi tizimi xodimlarini shanbalik, tozalash, majlislar, obunaga jalb qilish, uyma-uy yurish va hokazo ishlarga jalb etmaslik;

3. Turli nazorat organlari va hokimlikka bo‘ysinuvchi tashkilotlar tomonidan tekshirish va o‘rganishlardan xolis qilish;

4. O‘qituvchi va xodimlarning haq-huquqini himoyalash uchun maxsus Nazorat-huquqiy xizmatni tashkil etish. Aholi va o‘qituvchilar bilan aloqa o‘rnatish maqsadida «Koll-sentr» tashkil etish;

5. Televideniye, radio va onlayn ommaviy axborot vositalarida o‘qituvchining obro‘sini oshirishga qaratilgan ijtimoiy roliklar yaratish va keng targ‘ibot ishlarini olib borish. Buning uchun vazirlikda Media markaz tashkil qilish.

Sohaning boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha:

1. Tizimni boshqarish strukturasini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda vazirga tizim muassasalari tuzilmasi, shtat jadvallarini ko‘rib chiqish, tasdiqlash, ularni rag‘batlantirish bo‘yicha tegishli vakolatlar berish;

2. Maktab direktorlariga bo‘lgan talabni qayta ko‘rib chiqib, koorporativ boshqaruvni joriy etish, maktab direktori menedjer sifatida va qolgan o‘rinbosarlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ish faoliyatini olib borishini yo‘lga qo‘yish. Direktorlarning sertifikatlashtirish tizimini joriy etish;

3. Jamoaviy nazorat tizimini kuchaytirish uchun Kuzatuv kengashlarini tuzish va ularning rolini oshirish;

4. Qurilish ishlarini sifatli tashkil etish uchun maxsus injiniring kompaniyasini tashkil etish. Shu bilan birgalikda, quruvchini tanlash va qurilishni amalga oshirish ishlarini mahalliy hokimliklarda qoldirish;

5. Namunaviy maktab sifatida «Kelajak maktabi»ni barcha hududlarda tashkil etish.

Xalq ta’limi tizimida moliyalashtirishni takomillashtirish yo‘nalishida:

1. Tizim ehtiyojlarini moliyalashtirishni vazirlik ixtiyoriga berish, jumladan Maktab ta’limini rivojlantirish fondini tashkil qilish;

2. Keyingi yillar byudjetini shakllantirishda xalq ta’limi sohasiga moliyalashtirishni oshirilishini inobatga olish;

3. Yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun vazirlik qoshida Islohotlarga ko‘maklashish fondini tashkil etib, unga joriy yilda 100 milliard so‘m ajratish;

4. Maktablarga byudjetdan tashqari mablag‘ topish uchun keng imkoniyat yaratish.

Ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha:

1. O‘qituvchini o‘quvchilarni nazorat qilish o‘rniga ularga ko‘mak beruvchiga, mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beruvchiga aylantirish;

2. Oliy va maktabgacha ta’lim tizimlari bilan uzviylikni ta’minlash, davlat ta’lim standartlari va o‘quv rejalarni o‘quvchilarning har bir ta’lim bosqichida mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini oshirishga maqsadida qayta ko‘rib chiqish;

3. Darsliklarni yaratish va chop etish tizimini, eng zamonaviy metodikalarni inobatga olgan holda tubdan takomillashtirish;

4. STEAM yo‘nalishlarni (ilm, texnologiya, muhandislik fanlari, san’at va matematika) keng joriy etish, o‘quv laboratoriyalarini qayta jihozlash, elektron laboratoriyalarini yaratish;

5. Maktablardagi yoshlarni jazolash (bulling) holatlarni bartaraf qilish, huquqbuzarlikni oldini olish maqsadida «Xavfsiz maktab» dasturini joriy etish;

6. Chet tillarni o‘qish imkoniyatini kengaytirish. Jumladan, nemis, fransuz va xitoy tillarini o‘qitishni ko‘chaytirish, rus tili o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish yo‘nalishida:

1. Xalq ta’limi vazirligida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish agentligini tashkil qilish;

2. O‘quv jarayonini boshqarishning axborot tizimi (EMIS) ni joriy etish uchun o‘quvchilar, ota-onalar, o‘qituvchilar, xodimlar va maktablar ma’lumotlar bazalarini yaratish;

3. O‘quvchilarni birinchi sinfga qabul qilish, maktabdan maktabga ko‘chirish va boshqa xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish hamda 2019 yildan boshlab Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilishni yo‘lga qo‘yish;

4. O‘qituvchilarning qog‘ozbozligini kamaytirish uchun elektron davomat va o‘zlashtirish tizimlarini (elektron jurnal, kundalik, tabel va boshqalar) joriy etish;

5. Sohada moliyaviy nazoratni kuchaytirish, shaffoflikni ta’minlash va Kuzatuv kengashlari rolini oshirish uchun moliya boshqarish tizimlarini (FMS) joriy etish;

6. Barcha maktablarni yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash va zamonaviy kompyuter texnikasi bilan ta’minlash;

7. O‘quvchilarni identifikatsiyalash (NFS, ID-karta) zamonaviy tizimlarini joriy etish va ularni boshqa tizimlar (sog‘liqni saqlash, huquq-tartibot va hokazo) bilan integratsiya qilish.