O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida bolani ko‘krak suti bilan oziqlantirishni targ‘ib etish bo‘yicha jahon haftaligida mamlakatimizning ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Uz24.Uz yozmoqda.
BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, shifokorlar ishtirok etdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, chaqaloqni ko‘krak suti bilan oziqlantirish uning kelgusi kamolotida muhim o‘rin tutadi. Ona sutini emib voyaga yetgan bolaning immun tizimi kuchli bo‘ladi, organizmining turli infeksiyalarga qarshi chidamlilik funksiyasi ortadi. Mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tibbiy-ijtimoiy loyihalarga munosib ulush qo‘shayotgan qariyb yuzga yaqin tibbiyot muassasasi YuNISEFning «Bolaga do‘stona munosabatda bo‘luvchi shifoxona» sertifikatiga sazovor bo‘lgan. Ko‘krak suti bilan oziqlantirishni targ‘ib etishda faollik ko‘rsatayotgan mutaxassislar xalqaro sertifikatlar bilan taqdirlangan. Tadbir doirasida yana ikkita shifoxona va bir guruh mutaxassislarga ana shunday xalqaro sertifikatlar topshirildi. Ulardan biri Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidir.
Haftalik doirasida mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalarida turli aksiyalar, sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etiladi.