O‘zbekistonda yangi yildan yagona o‘quvchi formasi joriy etiladi. Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov OAV xodimlari bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qilgan.
«Davlat rahbari ta’kidlaganidek, maktab formasi bir xilda bo‘lishi birinchi navbatda o‘quvchilar o‘rtasidagi tenglikni ta’minlaydi. O‘quvchi bilan talaba kiyimi ham bir-biridan farq qilishi kerak. Forma borasidagi taklifimizni ota-onalar yaxshi qabul qildi. Shu paytga qadar ham maktab o‘quvchilarining o‘z formalari bo‘lgan, biroq turli maktablarda turlicha edi», — dedi Ulug‘bek Inoyatov.
Vazirning aytishicha, ayni vaqtda dizaynerlar bu borada ish olib bormoqda. Kelgusida bu kiyimlar ota-onalar va pedagoglar muhokamasiga qo‘yiladi.
Xalq ta’limi vaziri matbuot xizmati «Kun.uz»ga ma’lum qilishicha, «O‘zbekengilsanoat» AJ mutaxassislari tomonidan milliy mentalitetimizdan kelib chiqqan holda o‘quvchi formasining 7-8 xil turi tayyorlanmoqda.