O‘zbekiston 2 ta maktabida yangi maktab formasini sinovdan o‘tkazish boshlandi, bu haqda kuni kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yagona maktab formasini joriy etish bo‘yicha sinov poytaxtning 91 — sonli va Sirdaryo viloyatining 4-sonli maktabida o‘tkazilmoqda. Xalq ta’limi vaziri mahalliy dizaynerlar tomonidan ishlab chiqilgan 30 xildagi o‘quvchilar formalaridan boshlang‘ich, o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilarga mo‘ljallangan 4 tadan to‘plamlar tanlab olinganligini aytib o‘tdi.
Hozirda bu formalar har xil maktablarda amaliy sinovdan o‘tkazilmoqda va ota-onalar tomonidan maxsus nazoratga olingan.
"Sinovning shaffofligini ta’minlash maqsadida bir nechta to‘plamlar ikkita har xil maktablarda joriy etishga qaror qildik. Kiyimlar berilgan o‘quvchilarning ota-onalariga har hafta maxsus kartaga o‘z ehtirozlarini yozib borishligi so‘raldi. Ushbu forma bolalar uchun qanchalik qulayligi va chidamligini bilib olishimiz zarur. Kir yuvilgandan keyin kichraymaydimi, matosi sifatlimi, dazmollangandan keyin qanday bo‘lishi hamda boshqa holatlarga ham ota-onalar a’lohida e’tibor berishlarini so‘radik", — dedi Inoyatov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, o‘quv yili yakunida ushbu sinov yakunlanadi. Amalga oshirilgan ishlar natijasi bo‘yicha mutaxassislar qaysi forma yangi o‘quv yilidan maktablarga keng joriy etilishi aniqlanadi.
O‘zbekiston maktablarda yagona maktab formasini joriy etish tashabbusini prezident Shavkat Mirziyoyev taklif qilgandi. Davlat rahbari o‘quvchilar o‘z liboslari bilan ajralib turishlari va ular orasida ijtimoiy notenglik bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlgandi.
Kam ta’minlangan oilalar uchun maktab formasi narxini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni ham mavjud bo‘ladi. Ular 50 foizni boshidan qolganini o‘quv yili davomida to‘lashlari mumkin bo‘ladi.