Mamlakatimizdagi barcha ta’lim maskanlarida 4 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan «Xotira darslari» tashkil etildi, deb Uz24.uz yozmoqda.
Ulug‘ rahbarimizning Vatan ravnaqi, xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlarini yodga olish maqsadida tashkil etilgan mazkur darslarda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, tarixchi olimlar, yozuvchi va shoirlar ishtirok etdi.
O‘quvchilar Prezidentimizning tarjimai holi bilan tanishtirilgach, maxsus monitorda namoyish etilgan filmda Islom Karimovning O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi, mamlakat mustaqil taraqqiyot dasturini ishlab chiqqan va milliy taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan atoqli davlat arbobi, yurtimizda amalga oshirilgan ulkan islohotlar, tarixiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va rahnamosi sifatidagi xizmatlari haqida so‘z yuritildi. Mamlakatimizning barcha ta’lim maskanlarida bo‘lgani kabi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘tgan «Xotira darslari»da ham Birinchi Prezidentimizning jonajon Vatanimiz buyuk kelajagi, tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi fidokorona mehnatlari haqida hikoya qilindi.
«Xotira darslari» mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tdi. Yurtga fidoyilik, vatanparvarlik, odamiylik, ibrat saboqlariga aylangan ushbu darslarda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining porloq xotirasi barcha o‘g‘il-qizlarning yodida mangu saqlanib qolishi, ular Vatanimizni, mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashi, tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetishi, yurtimizdagi hamjihatlik muhitini mustahkamlashi - bu barcha yurtdoshlarimiz kabi yoshlarning ham burchi ekani alohida ta’kidlandi.