Bilasizmi?

"O‘zbekistondagi MTMlarda innovatsion muhit yaratiladi" - vazirlik

MTM sifatini oshirishning asosiy indikatorlaridan biri innovatsion muhitning yaratilishidir. MTM vazirligi va Qurilish vazirligi tomonidan mavjud MTMlarning loyihalari qayta ko‘rib chiqildi. Janubiy Koreya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Finlyandiya va Turkiyaning shu yo‘nalishdagi tajribalari o‘rganildi. Shu asosda xalqaro tajribalar inobatga olingan yangi loyihalar ishlab chiqildi. MTM vaziri Agrepina Shin Prezident Facebook'dagi sahifasida uzatilgan intervyu davomida shu haqida ma’lum qildi, deb yozadi Kun.uz.

"Konstruksiya jihatidan oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda birinchi marta MTMlardagi oziq-ovqat bloklari alohida binolarga ko‘chiriladi. Binolar orasida issiq izolyasion o‘tish yo‘laklari bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Kitoblar zali alohida xonada bo‘lmaydi, endi MTM hududi bo‘ylab moslashuvchan mutolaa zonalari bo‘ladi, - deydi vazir. - Shuningdek ham musiqa, ham sport zallarini o‘zida uyg‘unlashtirgan universal zallar tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Eng katta e’tibor o‘yin zonalariga qaratiladi, bu uyqu zonalaridan samarali foydalanish hisobiga amalga oshiriladi. Avval uxlash xonasida kuniga atigi ikki soat vaqt o‘tkazilgan bo‘lsa, endi transformer-karavotlar hisobiga bu zona ancha mobillashtirildi va undan o‘yin zonasi sifatida ham foydalanish mumkin bo‘ladi".

Agrepina Shinning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston xorijning eng yaxshi tajribalarini jamlagan holda o‘z MTM-ta’limi modelini shakllantirishni maqsad qilgan.

Bundan tashqari, MTM vaziri mebel, o‘yin, adabiyotlar, metodik ta’minot standartlari qayta ko‘rib chiqilganini qo‘shimcha qildi. Bunda asosiy e’tibor xavfsizlik va xomashyoning ekologik tozaligiga qaratilgan. Barchasi bolalarning rivojlanishiga moslashtirilgan.

Shu bilan birga, MTMlarda yuqumli kasalliklar profilaktikasiga ham yetarlicha diqqat qilinmoqda. "Yangi loyihalar qurilishida individual qo‘llanuvchi sterelizatorlardan foydalaniladi. Umumiy qilib aytganda, MTMlarda ishonchli, amaliy va xavfsiz ta’lim muhiti yaratiladi", - deydi Agrepina Shin intervyuda.