14-20 avgust kunlari Tailand Qirolligi Chiang Mai shahrida bo‘lib o‘tgan matematika bo‘yicha xalqaro musobaqada O‘zbekiston jamoasi ham ishtirok etib, unda 2 nafar o‘zbekistonlik o‘quvchi bronza medalga va umumjamoa hisobida esa ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatiga asoslanib Kun.Uz xabar bermoqda.
Bu nufuzli musobaqa Xalqaro olimpiadalar reyestridan o‘rin egallagan bo‘lib, unda har yili 30dan ortiq davlatdan iqtidorli o‘quvchilar qatnashib kelmoqda. Joriy yilda tashkil etilgan olimpiadada 31ta davlatdan 600 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi.
Mazkur musobaqani o‘tkazishdan asosiy maqsad iqtidorli o‘quvchilar uchun matematikadan xalqaro nufuzdagi tanlovni tashkil etish, iqtidorli o‘quvchilarning yuqori darajadagi intellektual qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan matematika o‘qitishning metodikalarini takomillashtirish, ishtirokchi davlatlar o‘quvchilariga matematikadan bilim va malakalari almashinuvlariga imkoniyat yaratish hamda xalqaro standartlarga muvofiq ta’lim muassasalarining o‘quv rejalari va dasturlarini yangilashdan iborat.
Musobaqada O‘zbekiston vakillarining munosib ishtirokini ta’minlash uchun “Bilimlar bellashuvi” musobaqasining tuman(shahar) bosqichida 1-5-o‘rinlarni egallagan 350 nafardan ortiq 7-8 sinf o‘quvchilari orasida 2 bosqichli tanlov o‘tkazildi. Natijada 4 nafar iqtidorli o‘quvchidan iborat terma jamoa shakllantirildi.
Jumladan, Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 18-sonli umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Norboyev Jahongir, Buxoro viloyati Qorako‘l tumani 1-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internati 7-sinf o‘quvchisi Hasanov Shaxboz, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 37-sonli umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Maxmudov Shohbek, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internati 7-sinf o‘quvchisi Neymatov Eldorni tayyorlash maqsadida bir oy mobaynida olimlar ishtirokida maxsus mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda o‘quvchilarga murakkabligi yuqori bo‘lgan algebra, geometriya, sonlar nazariyasi, matematik mantiq, kombinatorika va to‘plamlar nazariyasiga oid masalalarni yakka-tartibda va jamoa tarkibida yechishning eng ilg‘or usullari o‘rgatildi.
Xalqaro matematika musobaqasi 2 bosqichda: shaxsiy va jamoalar orasida bellashuvida o‘tkazildi.
Shaxsiy bellashuvda o‘quvchilarga 15ta masala taqdim etilib, bellashuv natijalariga ko‘ra, Neymatov Eldor va Hasanov Shahboz bronza medal, Norboyev Jahongir va Maxmudov Shohbek faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Shuningdek, jamoalar bellashuvida birgalikda yechish uchun 10 ta masala taqdim etildi, shundan milliy jamoamiz a’zolari 8 ta masalani to‘liq yechib ikkinchi o‘rinni egalladi va musobaqa kubogi bilan taqdirlandi.