Bola ruhiyatiga, ko‘ngliga iymonni, qanday niyatlarni solsak, ularning kamoloti shunga qarab bo‘y ko‘rsatadi. Bu borada alla beqiyos ahamiyatga ega. Umid yulduzi bo‘lgan farzandlarni suyib erkalash, butun borliq, atrof-muhit haqidagi tasavvurlarni go‘dak qalbiga singdirish uchun aytiladigan qo‘shiq – allaning qanchalik ahamiyatga ega ekanligi quyidagi jihatlarda o‘z aksini topadi:
[dropcap type="circle"]1[/dropcap]Alla – ona mehrining samimiy ifodasi bo‘lib, ushbu sehrli ohang go‘dak qalb-qo‘rida, ong-u shuurida ezgu hislar kurtak yozishiga sababchi bo‘ladi;
[dropcap type="circle"]2[/dropcap]Halollik, rostgo‘ylik, or-nomus, sharmu hayo, mehr-oqibat, mehnatsevarlik singari fazilatlar ham bola vujudiga, avvalo, ona suti, ona allasi bilan birga singadi;
[dropcap type="circle"]3[/dropcap]Go‘dakning o‘z vaqtida orom olishi – salomatlik uchun muhim. Ana shu hayotiy zaruratlar sirasiga xalq og‘zaki ijodi namunasi bo‘lmish, bolani uxlatish uchun aytiladigan alla qo‘shiqlari kiradi. Ezgu hislarga yo‘g‘rilgan yoqimli kuy bola ruhiga orom bag‘ishlaydi;
[dropcap type="circle"]4[/dropcap]Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida chaqaloq organizmi va xarakterini mustahkamlash uchun, avvalo, uni yengilgina chayqatish, silash, so‘ng, unga musiqa eshittirish, alla aytish lozimligi ta’kidlangan. Bolada shu orqali jismoniy harakat, fikrlash va ijodiy intilishga moyillik paydo bo‘ladi;
[dropcap type="circle"]5[/dropcap]Ma’naviy yorug‘likdan bahramand bo‘lishning, milliy ruhda tarbiyalashning bosh bo‘g‘ini – ona allasi bilan bog‘liq. “Ona allasi faqat chaqaloqning orom olishi uchun aytilmaydi, balki uning vositasida bolaning ko‘ngil dunyosiga milliy ruh kiradi. Ona tilidagi mehr-muhabbat, nasliy tuyg‘ular va orzular go‘dakning jismu jonida ildiz otadi”.
[dropcap type="circle"]6[/dropcap]Alla nafaqat bolaning orom olishiga, balki uning murg‘ak qalbida mehr-muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otishga xizmat qiladi. Alla eshitgan inson yurak-yuragidan mehr tuyadi. Qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’i nazar, alla barchaning yuragiga yetib boradigan ilohiy qudratga ega;
[dropcap type="circle"]7[/dropcap]Allada onaning farzandi kelajagiga ishonchi, orzu-umidga, shirin o‘ylarga yo‘g‘rilgan ezgu tilaklari, mehr-muhabbati mujassam. Chunki bola hayotidagi muvaffaqiyat onaning unga bo‘lgan emotsional munosabatiga bog‘liq. Alla faqat ezgu tilaklar, yaxshi niyatlar, farzand ruhiga maqtov va erkalashlar, fidoyilik va ardoq tushunchalaridan iborat ekanligi uchun ham bolani har tomonlama sog‘lom inson bo‘lib kamolga yetishiga xizmat qiladi;
[dropcap type="circle"]8[/dropcap]Musiqa – inson tanasidagi barcha hujayralarni harakatga keltiruvchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir etuvchi kuchli vosita. Jumladan, ona allasi ham go‘dak tanasining yaxshi rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ona allasi bilan tarbiyalangan bolaning aqliy imkoniyatlari yuksak bo‘ladi;
[dropcap type="circle"]9[/dropcap]Sokin va yoqimli musiqa eshitib ulg‘aygan bolalarning go‘zallikka, san’atga ixlosi, ishtiyoqi baland bo‘ladi;
[dropcap type="circle"]10[/dropcap]Ayrim taxminlarga ko‘ra, alla nomi «Alloh» so‘zidan kelib chiqib, Yaratgandan chaqaloqni o‘z panohida asrashni iltijo qilish bilan bog‘liq. Yaratganga qilingan iltijoli nidolardan so‘ng dunyoni titratadigan eng go‘zal va eng toza mohiyat shu qo‘shiqda jam bo‘ladi.
Jon bilan birga, qon bilan birga inson botiniga singadigan bu dilbar xonish milliy qadriyatlarimizning bebaho namunasi hisoblanib, u go‘dak xotirasida umrbod muhrlanib qoladi. Farzand uchun o‘z onasidan mehribonroq zot yo‘q. Va onasining allasidan, uning ohangidan yoqimliroq kuy ham yo’q.
Yosh onalar, balog‘atga yetgan qizlarning ba’zilari alla aytishni bilmasligi ham bor gap: bola tun davomida tinim bilmay yig‘laganda, ba’zi yosh onalar bolani yupatishga urinib, xonaning u burchagidan bu burchagiga zir qatnashiga guvohi bo‘lamiz. Shunday paytlarda bola qulog‘iga onaning yoqimli ovozi, mehrga qorishiq allasi kerak…
Beshik. Beshikda go‘dak. Ayol beshikni tebratib alla aytayapti. Qanday go‘zal manzara, shunday emasmi?!
Alla aytish san’atini o‘rganish, bu orqali farzandga o‘zbek onasi ma’naviyatini yetkazish, o‘zligini anglatish – yosh onalarning farzandi oldidagi burchlardan biri.