Farzandi yaxshi ovqatlanishi uchun ota-ona nimalarga ham tayyor demaysiz! Avstraliyalik ona Lalex Moxmedi original usul o‘ylab topdi — sabzavot, meva va boshqa foydali mahsulotlar yordamida u ikki yoshli o‘g‘li Jeykobning likopchasida mashhur bolalar multfilmlari qahramonlarini tasvirlagan holda, haqiqiy shohasarlar yaratadi.
The Daily Mail yozishicha, hammasi bir yil oldin boshlandi. Lalex Jeykob foydali ozuqalardan hech bo‘lmaganda bir bo‘lakcha yeyishi uchun uning likopchasiga sher “rasmini chizdi”.
Sher bolaga juda yoqib tushdi va uni jon deb yeb qo‘ydi. Birinchi muvaffaqiyati Lalexga ilhom bag‘ishladi. O‘shandan buyon uning “pazandalik rassomchiligi” mahorati misli ko‘rilmagan darajaga yetdi, u o‘z shohasarlari suratlarini joylaydigan Instagram sahifasiga esa 50 mingga yaqin kishi obuna bo‘ldi.
Lalexning aytishicha, Jeykob o‘z likopchasida qaysi multfilm qahramonini ko‘rishni istashi haqida onasiga bir kun oldin bildirib qo‘yadi. Lalex personajni internetda qidirib ko‘rib, uni yasash uchun qanday mahsulotlar kerak bo‘lishini o‘ylab ko‘radi.
O‘z ijodida u har qanday meva va sabzavotlardan foydalanadi, bular avokado va kividan tortib, baqlajon va papayya, shuningdek, go‘sht, baliq, dengiz mahsulotlari, tuxum va hatto spagettigacha.
Ba’zan Lalex o‘z “palitra”siga shirinliklarni ham qo‘shadi. Asosiysi, barcha masalliqlar foydali bo‘lishi kerak. Odatda bitta rasmni yaratishga Lalexning 25—30 daqiqa vaqti ketadi.
Onasining ijod namunalari Jeykobga shunchalik manzur keladiki, u ularning ushog‘ini ham qoldirmay yeb qo‘yadi.
Lalex o‘z mehnatlariga sira ham achinmasligini, axir shu tufayli o‘g‘li foydali yeguliklarni iste’mol qilayotganini aytdi.