Bilasizmi?

Ona suti farzandlarning buguni va kelajagi uchun muhimdir

Jahon ko‘krak suti bilan oziqlantirish haftaligi har yili avgust oyining dastlabki kunlari 1-7 avgustda nishonlab kelinadi. Hafta davomida farzandlarni ko‘krak suti bilan oziqlantirish bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.

Bu yilgi haftalikning shiori - “Ko‘krak suti bilan oziqlantirishni birgalikda qo‘llab-quvvatlaylik!” Buning boisi - ko‘krak suti bilan oziqlantirish birgina emizikli ayolga tegishli bo‘lgan ish emas. Bunga biz hammamiz – oila a’zolar, do‘st-u-birodarlar, mahalla, qolaversa, butun jamiyat va davlat – mas’ulmiz. Bu masalani o‘z vaqtida tushunib yetishimiz lozim, chunki bolalar hayotga kelishining ilk kunlaridanoq ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, yaxshi oziqlantirish va parvarishlash uchun onalarga sharoit yaratib berish – millat kelajagi to‘g‘risida qayg‘urish demakdir. Buni amalga oshirish o‘z qo‘limizda. Birgalikda bu ijobiy amaliyotni qo‘llab-quvvatlaylik!

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish to‘g‘risidagi qiziqarli faktlarga murojaat qilsak:

• Ona suti bilan oziqlantirishning optimal amaliyoti har yili 20,000 ayolni ko‘krak saratoni yoki tuxumdon saratoni tufayli hayotdan ko‘z yumishini oldini olishga yordam beradi.

• Ko‘krak suti orqali onalar o‘z farzandlariga immunitet ulashishadi. Bu yesa bolalarni shaxsiy immunitet shakllangunga qadar turli xavf-hatardan himoya qiladi.

• Agar dastlabki 6 oy davomida faqat ko‘krak suti bilan boqilgan bolalar bilan umuman emizilmagan yoki 6 oyga to‘lmasidan oldin ko‘krakdan chiqarilgan bolalarning salomatlik ko‘rsatkichlari solishtirilsa, birinchi guruhdagi bolalar ikkinchi guruhdagilarga nisbatan yuqumli kasalliklarga kamroq chalinishi hamda o‘lim ko‘rsatkichlari ham pastroq bo‘lishi isbotlangan.

Ko‘krak suti bilan farzandni oziqlantirish - bu tabiat in’omidir. Kelinglar, har bir tug‘ilayotgan go‘dak hayotining ilk kunlarini mehr-muhabbatga to‘la boshlashi uchun onalarga birgalikda ko‘maklashaylik.

Manba: Kun.uz