Salomatlik

Ota-ona bilan birga uxlash chaqaloqlar o‘limi xavfini ikki barobar oshiradimi?

Har yili faqatgina AQShning o‘zida taxminan 3,5 ming nafar go‘dak uyquda hayotdan ko‘z yumadi. Sog‘lom bolaning birdaniga bo‘g‘ilishi yoki yurak urishi to‘xtashi, ya’ni tasodifiy bolalar o‘limi sindromi (TBO‘S) bilan bog‘liq o‘lim holati shular jumlasidandir. Boshqacha qilib aytganda, bu sindrom yana "beshikdagi o‘lim" deb ham ataladi. TBO‘S 1975 yildayoq Xalqaro kasalliklar tasnifiga qo‘shilgan. Biroq go‘daklar o‘limining aniq sabablari haligacha noma’lum.

Tadqiqotchilar sindromga bog‘liq omillarni keltirib o‘tishdi: qorinda yotqizish, haddan tashqari yumshoq krovat, onaning sog‘lig‘i yomonligi va murakkab tug‘ruqlar, homila rivojlanishidagi muammolar. Ayniqsa, bola tug‘ilgan kundan boshlab, olti oygacha bo‘lgan muddat xavf yoshi hisoblanadi, go‘daklar o‘limining 90 foizi shu muddatda qayd etilgan.

Go‘daklarning ota-onasi bilan bir o‘rinda yotishi tasodifiy o‘lim sindromiga olib kelish yo kelmasligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q - Piter Saydbotem va Piter Fleming "Tasodifiy bolalar o‘limi. Malaka oshirayotgan shifokorlar uchun qo‘llanma" (Unexpected death in childhood. A handbook for practitioners) kitobida ota-onalar bilan bir o‘rinda yotganda TBO‘S xavfi mavjudligi haqida so‘z yuritilgan.

Biroq ba’zi kutilmagan o‘lim holatlari ota-onalarning loqaydligi tufayli sodir bo‘ladi.

Bolalar ko‘pincha oldini olish mumkin bo‘lgan havo yetishmovchiligidan jon berishadi.

Bir xonada, lekin bir krovatda emas!

Amerika pediatriya akademiyasi (APA) a’zolari TBO‘S haqidagi ma’ruza doirasida go‘daklar o‘limi xavfini kamaytirishda yordam beradigan, zamonaviy tadqiqotlarga asoslangan tavsiyalar ro‘yxatini tuzib chiqishdi. Mazkur ro‘yxat 2016 yilning 24 oktyabrida APA Milliy anjumani va ko‘rgazmasida taqdim etildi. Shunday qilib, ro‘yxat bilan tanishing:

— Bolalar krovatida choyshab bilan to‘liq qoplangan qattiq matras bo‘lishi kerak;

— Yumshoq o‘rin-ko‘rpalardan voz kechish lozim - choyshablar, yostiqlar, yumshoq o‘yinchoqlar. Uxlaydigan joyda ortiqcha narsalar bo‘lmasligi kerak;

— Bolani tamaki tutuni, spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar ta’siridan asrash zarur;

— Ilk yarim yillikda chaqaloq ota-onasi bilan bir xonada yotishi kerak, lekin o‘z o‘rnida. Shunda tasodifiy o‘lim holati 50 foizga qisqaradi, bu tadqiqotlar tomonidan bir necha marta tasdiqlangan.

"Ota-onalar bilan bir xonada, lekin boshqa o‘rinda uxlash tasodifiy bolalar o‘limini 50 foizga kamaytirishiga dalillar mavjud", - deyiladi statistika ma’lumotlari ilova qilingan hujjatda.

Statistika shafqat bilmaydi: bolaning ilk olti oyda - tasodifan ustiga yopilgan choyshab yoki qo‘lni mustaqil ravishda olib tashlay olmaydigan paytda o‘lim holatlari ko‘p kuzatiladi.

Shunga qaramay, Rossiyaning onalikka bag‘ishlangan aksariyat saytlari bolaning ona bilan birga uxlashini targ‘ib qiladi, lekin bunga doir ilmiy dalillar deyarli keltirilmaydi.

Ma’ruza mualliflari bolani uxlashdan oldin ko‘krak suti bilan oziqlantirish, so‘rg‘ich berish, o‘z vaqtida emlash va qorinda yotgan paytida uni nazorat qilishni tavsiya qilishadi.

Manba: Kun.uz