Tarbiya

Ota-onaning xatti-harakati farzand xarakteriga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Olimlar bolalar ota-onaning aytganlarini emas, ularning xatti-harakatlarini ko‘rib o‘rganishini isbotlashdi. Farzandingizga saboq bermoqchi bo‘lsangiz, buni o‘z misolingizda ko‘rsating, deyiladi Kun.uz nashrida.

Bolalar ota-onalaridan faqatgina ularning genlarini meros qilib olishmaydi. Farzandlar kattalarning xatti-harakatlarini kuzatib, ularning shaxsiy sifatlari, masalan, tirishqoqlik va maqsad sari intilish kabi fazilatlarini o‘zlashtirishadi.

Massachusets texnologiya instituti olimlari ota-onaning qanday qilib qiyinchiliklarni muvaffaqiyatli yengib o‘tayotganini ko‘rgan bola kelgusida biror bir vazifani bajarishda tirishqoqlikni namoyon etishini aniqlashdi.

"Bolalar atrofdagi olamni o‘rganish, shuningdek bu olamda o‘z xulq-atvorini o‘zgartirish uchun bir mantiqiy xulosadan foydalanishadi, - deya izohlaydi mazkur tadqiqotni o‘tkazgan kognitivist-olimlardan biri Lora Shuls. - Biz xatti-harakatlarimiz bolalarga qanchalik kuchli ta’sir qilishini anglab yetmaymiz. Ular bizni kuzatib, o‘zlariga tegishli xulosalar chiqarishadi".

Tadqiqotda 13-18 oylik 262 nafar bola qatnashdi, ular uch guruhga ajratildi. Birinchi guruhda ilmiy xodim o‘zini ikki o‘yinchoqni uzoq yig‘ayotganga soldi, keyin esa bola yordamida uni yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi guruhda olim shunchaki ikki o‘yinchoqni o‘zi yig‘ib qo‘ya qoldi. Uchinchisida esa u umuman hech narsa qilmadi.

Shundan so‘ng har bir bolaga kichik musiqiy o‘yinchoq berildi. Bolalarga unda musiqa qo‘yish mumkinligi ko‘rsatildi, biroq qanday qo‘yish o‘rgatilmadi. O‘yinchoqni qanday yoqishning uddasidan chiqqan bolalarning aksariyati 1-guruhdagi bolalar bo‘ldi. Boshqacha aytganda, bu vazifani kattalarning maqsadli xatti-harakatini kuzatgan bolalargina uddasidan chiqdi. Ular shu tariqa katta yoshli odamning xarakteridagi jihatni o‘zlashtirishdi.

Hozirda tadqiqot o‘tkazgan olimlar bolalar bilan aynan qanday muloqot yoki imo-ishora ularga ko‘proq ta’sir ko‘rsatishini aniqlashga harakat qilishmoqda. Ular mazkur tadqiqotlar bolalarni maqsad sari intiluvchan qilib tarbiyalashda yordam berishiga umid qilishmoqda. Buning uchun ularga hayotda hech narsa o‘z-o‘zidan, osonlikcha berilmasligini namoyish qilish kerak.