Bilasizmi?

Pasport stolida o‘tgan bir kun yoxud «kinder» pasportni olish osonmi?

Yoz oyida chet elda dam olishni rejalashtirdingizmi? O‘zingiz bilan voyaga yetmagan farzandingizni ham olib ketishni istaysizmi? U holda tayyor turing, oldinda sizni ko‘plab chig‘iriqlar qarshi oladi.

O‘tgan kun bir yarim yoshdagi o‘g‘lim uchun "kinder" pasport olish maqsadida ertalabki soat 9:00 atrofida Yunusobod tumanidagi pasport stoliga tashrif buyurdim. Ortiqcha sarsongarchilikka duch kelmaslik uchun bolalar pasportiga qanday hujjatlar zarur bo‘lishini telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib, bilib olgandim. Lekin qarangki, har qancha tayyorlanib kelmayin hujjatlar orasida kamchilik topildi: "Propiska". O‘g‘lim hali yosh bo‘lganligi uchun uni doimiy turar joy ro‘yxatidan o‘tkazish yodimizdan chiqibdi. Xayriyatki, baxtimga xonadonimiz egasi (ya’ni qaynonam) yonimda edilar. Biroq ularning pasporti uyda qolgan edi.

Nailoj, uyga qaytishga to‘g‘ri kelar ekanda, deb turganimizda, "telegram" degan messenjer borligi xayolimga keldi va darrov uyga qo‘ng‘iroq qilib, internet orqali pasportning skaner qilingan nusxasini yuborishlarini iltimos qildim. Muammo bir zumda hal bo‘ldi va 5 daqiqa o‘tgach, pasport nusxasi "onlayn" tarzda yetib keldi.

Barcha hujjatlarni tayyorlagach, o‘g‘limni bir soat ichida doimiy propiskaga o‘tkazdik. Ana endi "kinder" pasport uchun olg‘a!

Pasport stoliga murojaat etib keluvchi fuqarolarning og‘irini yengil qilish maqsadida har bir bo‘lim atrofida ko‘plab "xizmatlar stoli" faoliyat olib boradi. Biz ham ularning yordamida barcha kerakli ko‘rsatmalarni olib, arizani tayyorlab, kassaga keldik. Bu yerdagi holat meni biroz xavotirga soldi. Odam juda ham ko‘p, pul qabul qilayotgan bank xodimlari esa bor-yo‘g‘i ikkita.

Kassir qiz o‘g‘lim bilan turganimni ko‘rib, mening to‘lovimni birinchi qabul qildi. Kutmagan edim, juda ham xursand bo‘ldim. Rejada eng so‘nggi ish - biometrik pasport uchun suratga tushish qoldi.

Suratga tushish xonasiga yaqinlashar ekanman, bu yerda to‘plangan navbatni ko‘rib, "yoqa" ushladim. Odam juda ko‘p, ular orasida keksa yoshlilar, yosh bolali ayollar ham bor. Soat 11dan oshgan, havo issiq. Barcha asabiy bir-biriga boqar edi. Navbatga 36-bo‘lib yozildik.

O‘g‘lim uxlaydigan vaqt kelgani bois, atrofdagilardan navbatsiz o‘tkazib yuborishlarini iltimos qilmoqchi bo‘ldim. Axir, bir-biriga yordamini ayamaydigan, saxovatli o‘zbek xalqimiz, deya o‘yladim ichimda.

Ming afsuski, hali so‘zimni oxiriga yetkazmay turib, yonimdagi kishidan "yaxshigina" gap eshitib oldim. Nima emish, bu yerda turganlarning barchasida farzand bor emish, pasport stoliga bolalarni bahona qilish uchun yetaklab kelmay, uyda qoldirish kerak ekan. To‘g‘risi, ustimdan kimdir muzdek suv ag‘dargandek bo‘ldi. Axir, pasportga men emas, farzandim suratga tushadi-ku. Buni tushuntirib o‘tirishga kuchim ham qolmadi.

Orada o‘g‘lim ham beixtiyor qo‘limda uxlab qoldi. Shu tariqa bir soat vaqt ham o‘tib ketdi. Shovqin-suronlar orasida o‘g‘lim ko‘zini ochib, xarxasha qila boshladi. Shunda navbati kelgan kishidan meni o‘tkazib yuborishini so‘radim. Rozi bo‘ldi. Xonaga kirgach, o‘g‘lim pasport uchun suratga tushdi va kerakli ma’lumotlar kiritildi. Buning uchun 5 daqiqa vaqt ketdi, xolos.

Biroq xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Operatorning kompyuteri to‘satdan qotib qoldi. "Texnik nosozlik tufayli so‘nggi ma’lumotni kiritishga ulgurmadik. Endi tushlikdan so‘ng yana bir kelib ketishingizga to‘g‘ri keladi", - dedi pasport stoli xodimi.

Qo‘limizdan nima ham kelar edi, uyga qaytib keldik. Biroz dam olib, soat 14:30da yana pasport stoliga yo‘l oldik. Bu safar bizni ortiqcha gap-so‘zlar va  navbatsiz o‘tkazib yuborishdi.

Nihoyat, o‘g‘lim uchun "kinder" pasport olishning barcha chig‘iriqlaridan o‘tib oldik.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Nima uchun pasport stollarida navbatlar soni juda ko‘p? Qachon pasportga suratga tushish va tayyor pasportni olib ketish uchun alohida xonalar va xodimlar joriy qilinadi? Nima sababdan "kinder" pasportga suratga tushish uchun alohida bo‘lim tashkil etilmagan? Yoshi ulug‘ insonlar va bolalar uchun alohida navbat tashkil etish vaqti kelmadimikin?

Bugun boshdan kechirgan sarguzashtlarimni hikoya qilish orqali kimnidir ayblash yoki diydiyo qilishdan yiroqman. Shunchaki, pasport xizmati bilan shug‘ullanadigan muassasalarda barcha fuqarolar uchun to‘laqonli qulaylik yaratilishi, ortiqcha ovoragarchilik, ko‘ngilsizliklarning oldi olinishi tarafdoriman. O‘zbekiston katta islohotlar davrini boshdan o‘tkazayotgan bir vaqtda pasport berish tizimida ham yangiliklar joriy qilish vaqti keldi.

Yana bir taklif: pasport, “ovir” olish tartibi bo‘yicha aniq va kerakli ma’lumotlarni beradigan "qaynoq liniya"ni ishga tushirish lozim. Sababi, tanish-bilishdan eshitib yoki internetdagi ma’lumotlar orqali barcha hujjatlar hozirlab kelingan taqdirda ham qandaydir kichik muammo chiqishi mumkin. Guvohi bo‘lganingizdek, bu bizning ham boshimizdan o‘tdi.

"Kinder" pasport olish maqsadida yurganlar uchun eslatma: siz farzandingizni doimiy turar-joydan o‘tkazgan bo‘lishingiz lozim. Aks holda, biometrik pasport uchun arizangiz qabul qilinmaydi.

O‘ylaymizki, endi farzandimning pasportini ikki yildan so‘ng almashtirish fursati yetganida, kechagi kungidek qiyinchiliklarga duch kelmaymiz. Yozgi ta’tilingiz xayrli o‘tsin!

Feruza Avazova, jurnalist

Manba: Kun.uz