Bilasizmi?

Poxol shlyapa – maktab formasi

Maktab formasi qachon paydo bo‘lgan degan savolga tarixchilar ikki xil javob berishadi. Bir guruhi Qadimgi Gretsiyada desa, yana bir guruhi Qadimgi Hindistonda degan farazni ilgari surishadi. Ammo shunisi aniqki, hozirgi kunda dunyoning barcha mamlakatlarida o‘quvchilar maktabga maxsus formalarda borishadi. Buyuk Britaniyada har bir maktab o‘z talablaridan kelib chiqib o‘quvchilar uchun forma joriy qiladi. Masalan HARROW da o‘g‘il bolalar kostyum-shim bilan birga poxol shlyapa kiyishlari shart. ELIZABETH GARRET ANDERSON maktabida esa o‘quvchilarning o‘zi pushti chiziqli kostyumni forma sifatida tanlashgan. Buyuk Britaniyadagi ayrim maktablar esa o‘quvchilar formasida shu o‘quv muassasining maxsus belgisi yoki gerbi bo‘lishini talab qilishadi. Fransiyada o‘quvchilar uchun bir xil kiyim 1927-1968 yillarda, Polshada 1988 yilda joriy qilingan. Germaniya va Shvetsariyada esa maktab o‘quvchilari sport kiyimi ko‘rinishidagi forma kiyishadi. Hindistonda o‘g‘il bolalar to‘q ko‘k shim va oq ko‘ylakda, qizlar oq kofta va ko‘k yubkada darsga kiritiladi. Ba’zida bu ranglar to‘q qizilga almashishi ham mumkin. Ba’zi maktablarda qizlarga bayram kunlari sari kiyishga ruxsat beriladi. O‘tmishda Britaniya mustamlakasi bo‘lgan Singapurda ham yagona maktab formasi mavjud emas. Bu yerda o‘quvchilar kiyimi har bir maktab uchun alohida bo‘lib, ular rangi bilan bir-biridan farq qiladi. Singapur maktablarida o‘g‘il bolalar kalta shim va kalta yengli ko‘ylak, qizlar esa kofta-yubka yoki sarafan kiyishadi.  Singapurliklar bezaklarga o‘ch bo‘lishadi va maktab formasini ham obdon yasatishadi. Avstraliya va Yangi Zelandiya o‘quvchilari iqlim issiqligi tufayli kalta shim, ko‘ylak va keng soyabonli bosh kiyim  kiyishadi. Yamaykada esa mamlakat bo‘yicha bir xil forma joriy qilingan.  Bu yerda nafaqat kostyum-shim, balki paypoq rangi va tufli poshnasi uchun ham alohida talablar ishlab chiqilgan.O‘g‘il bolalar uchun ko‘ylak-shim, qiz bolalar uchun tizzadan tushib turuvchi maktab nomi tushirilgan sarafanlar kforma hisoblanadi. Afrikada o‘quvchilar formasi turli xil: sabzirang, yashil, binafsharang, sariq bo‘lishi mumkin. Har bir o‘quv muassasasi o‘quvchilarga yoqqan rangni tanlaydi. Xitoylik tengdoshlaringiz sport kiyimi ko‘rinishidagi forma kiyishadi. Xitoyda O‘g‘il bolalar sovuq mavsumda to‘q rangli kamzul va shim, yozda esa ko‘ylak- shorti, qizlar esa oq kofta va ko‘k yubka kiyishadi.  Xitoylik o‘quvchilar  qizil bo‘yinbog‘ taqishlari shart. Yaponiyalik o‘quvchilar “Seylor fuku” deb ataluvchi matroslarnikidek yo‘l-yo‘l kostyum, qizlar esa uzun oq paypoq, kulrang, qat-qat yubka, yoqali oq kofta kiyishlari kerak. AQSh va Kanada maktablaridagi forma rangiga qarab farq qiladi. Ko‘pincha bu mamlakatlar o‘quvchilari forma uchun to‘q ko‘k, kulrang, to‘q yashil ranglarni tanlashadi.  Qizlar esa katak matodan yubka kiysa, o‘g‘il bolalar yo‘l-yo‘l bo‘yinbog‘ taqadi. Rossiyada ham malakt bo‘yicha bir xil forma mavjud emas. Rossiyalik o‘g‘il bolalar oq ko‘ylak, qora shim,  qizlar esa qora matodan ko‘ylak va oq fartukda maktabga borishadi. Yurtimizda ham hozirda o‘quvchilar uchun turli xil ko‘rinishdagi  maktab formalari mavjud. Keling yaxshisi bu haqda keyingi sonlarda gaplashamiz, aziz sinfdosh!

Saida Ibodinova