Bilasizmi?

Prezident "Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi

9 sentyabr kuni Prezident “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi, deb yozadi Uz24.uz.

Qaror sharhida ta’kidlnishicha, o‘tgan davrda O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’limni rivojlantirish va samarali faoliyat ko‘rsatishiga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi hamda kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Hozirgi vaqtda respublikada 4 893 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat olib borayotgan bo‘lib, ularni moliyalashtirishga faqat 2016 yilda Davlat byudjetidan 1,6 trillion so‘m ajratilgan.

Ushbu sohada sog‘lom va har tomonlama rivojlangan o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalashga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan 57 mingdan ortiq mutaxassislar mehnat qilmoqda.

Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini to‘liq amalga oshirishga ayrim tizimli kamchiliklar to‘sqinlik qilmoqda.

O‘rganish shuni ko‘rsatdiki, maktabgacha ta’limni boshqarishning amaldagi tizimi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, mazkur sohani yanada rivojlantirish uchun innovatsion qarorlarni ishlab chiqish va joriy etish imkonini bermayapti.

Maktabgacha ta’lim muassasalari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasining hozirgi holati bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlashga imkon bermayapti.

Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning past darajasi bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir malakali mutaxassislar bilan ta’minlay olmaydi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning oziq-ovqat, moddiy ta’minoti va ularga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etishda ham jiddiy kamchiliklar kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan, Davlat rahbari tomonidan 2017 yil 9 sentyabrda qabul qilingan “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining maktabgacha ta’lim sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topildi.

Qarorda maktabgacha ta’limni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tarbiya va o‘quv jarayonini takomillashtirish, maktabgacha ta’lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, 2018 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va respublikaning viloyat markazlarida eksperiment tariqasida davlat-xususiy sheriklik shartlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish belgilandi.

Davlat rahbari tomonidan tashabbus qilingan davlat-xususiy sheriklik mexanizmi zamonaviy va hammabop maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun investorlarga yer uchastkalari va bo‘sh turgan binolarni 50 yil muddatga beg‘araz ajratishni ko‘zda tutadi.

Investorlar tashkil etilayotgan maktabgacha ta’lim muassasalarida davlat ta’lim talablariga, sanitariya-gigiyena va boshqa normalarga rioya qilish, kelishuv amal qilishining butun muddati davomida faoliyat yo‘nalishini saqlab qolish, shuningdek, maktabgacha ta’lim xizmatini ko‘rsatish narxining maqbulligi va arzonligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Bunda investorlarga keng soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalar, shuningdek, imtiyozli kreditlar takdim etiladi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga tadbirkorlik sub’yektlari bilan tegishli talablarga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga eksperiment tariqasida ruxsat berildi.

Mazkur eksperimentlar yakunlari bo‘yicha respublikaning boshqa hududlarida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini va maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish tartibini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Qaror bilan ushbu sohadagi dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.

Maktabgacha ta’lim tizimini tanqidiy o‘rganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha komissiya tashkil etildi. Komissiya tomonidan maktabgacha ta’lim sohasidagi qonunchilikni undagi bo‘shliqlar, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi normalarni aniqlash nuqtai nazaridan tahlil etish, shuningdek, maktabgacha ta’lim sohasida davlat siyosatini samarali ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda kompleks o‘rganish ishlari amalga oshiriladi. Bunda zarur infratuzilmani yaratish va maktabgacha ta’limning xususiy sektorini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu bilan bir qatorda, sifatli maktabgacha ta’limni tashkil etishga davlat talablari, shu jumladan, maktabgacha yoshdagi bolalarni uyg‘un rivojlantirish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqish uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallarni tayyorlash hamda joriy etish ishlari ham zamonaviy talablarga muvofiqlashtiriladi.

Qarorda vakolatli davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilishni soddalashtirish ham o‘z ichiga olgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutildi.

Nodavlat maktabgacha ta’lim tizimini kengaytirish maqsadida Komissiyaga mavjud amaliyot va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish, ularning tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktabgacha ta’lim sohasida qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining amalga oshirilishi mamlakatda maktabgacha ta’lim tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, maktabgacha ta’lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini tubdan yaxshilash imkonini beradi.