Yangi yil bolajonlar uchun utilmas bayramlardan biridir. Har bir bola bu bayramda o‘ziga xos sovg‘a kutishi tayin. Bu yil ham O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Sen yolg'iz emassan” respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi tomonidan ushbu bayramni yuksak saviyada o‘tkazish uchun qizg‘in hozirlik ko‘rildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi Mehribonlik va Muruvvat uylari o‘g‘il-qizlari, “SOS – bolalar mahallalari” tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar uchun Prezidentning Yangi yil sovg‘alari yetkazilmoqda, deb yozadi Qalampir.uz.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligidan xabar qilishlaricha, balajonlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan taqdim etiladigan 12 nomdagi o‘quv qurollari va 15 nomdagi shirinliklardan iborat bo‘lgan sovg‘alar tayyorlangan. Prezident sovg‘alari Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga avtotransportda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarga “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasining samolyotlari orqali joriy yilning 25-28 dekabr kunlari jadval asosida yetkazib berilmoqda.
Sovg‘alar 29 dekabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda tashkil etiladigan “Prezident archasi” tadbirlarida kichkintoylarga tantanali ravishda topshiriladi.