Ishdagi hamkasblarga o‘z farzandlaringiz haqida gapirish kerakmi yoki yo‘q? Ekspertlarning bu masaladagi fikrlari turlicha bo‘lib chiqdi: kimdir bu umuman mumkin emas, desa; ikkinchisi me’yorni bilish kerak, deb hisoblaydi; yana boshqasi hammasi ota-ona nima haqida gapirishiga bog‘liq, deydi.
Ishxonadagi munosabatlarga ixtisoslashgan psixolog Jessika Prays Jons ishonch bildirishicha, agar karera qilmoqchi bo‘lsangiz, hamkasblar bilan shaxsiy hayotingizga xos tafsilotlarni, ayniqsa, bolalar bilan bog‘liq ma’lumotlarni ochiqdan-ochiq bo‘lishish umuman mumkin emas.
“Ishda o‘zingizni hujumga qo‘yib berish, o‘z zaifliklaringizni ko‘rsatish kerak emas, chunki bu boshqalarga sizning o‘rningizni egallash imkoniyatini beradi”, — deya ta’kidladi Jons.
Ammo bu fikr hamma uchun ham to‘g‘ri kelmaydi: otalarning farzandlar haqidagi hikoyalari ularni ijobiy tomondan ko‘rsatadi, ularni mehribon ota deb qabul qilishadi va bu ularning karerasiga hech ham to‘siq bo‘lmaydi. Ammo onalar uchun vaziyat butunlay boshqacha: ishxonada “bolalar” muammosini tinmay muhokama qilaversangiz, sizni karera zinasidan chiqishda qurbon qilish mumkin bo‘lgan “zaif bo‘g‘in” deb qabul qilishadi.
Bunday achinarli holatni anonim onlayn-so‘rov natijalari ham tasdiqladi. 2015-yil oxirida gender tengligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan so‘rovda 8 mingdan ortiq kishi, jumladan, 2,5 ming nafar yosh bolali ota-onalar qatnashdi. Ishtirokchilarning 46 foizi ayol farzandli bo‘lgach, o‘z xizmat vazifalarini bajarish qobiliyati susayishiga ishonch bildirdi. Xuddi shunday fikrni erkaklarga nisbatan 11 foiz respondentlargina bildirdi. Shu bilan birga, so‘ralganlarning qariyb uchdan bir qismi erkak kishi ota bo‘lgach, ishini avvalgidan-da qoyillatib bajara boshlaydi, degan fikrda.
Ota-onalarga bag‘ishlangan Mumsnet sayti eksprtlari ishlaydigan onalarga quyidagicha maslahat beradi: “Yodda tuting, oltin qoida mana shunday: uyda vaqtingizda hadeb ish haqida gapiravermang, bundan ham muhimi esa, ishda vaqtingizda hadeb farzandlaringiz haqida gapiravermang”.