29 dekabr kuni Prezidentining “2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deya yozadi Uz24.uz. Dastur asosida keng ko‘lamli kompleks tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:
- bolalarning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda zarur shart-sharoitlar yaratish;
- maktabgacha ta’lim muassasalari uchun pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv reja va dasturlarini zamonaviy pedagogik texnologiya va metodlarni inobatga olgan holda takomillashtirish;
- 2200 ta maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan qishloq aholi punktlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, ularni zamonaviy talablarga javob beradigan inventar, uskunalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia resurslari bilan ta’minlash. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 2.2 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qaror bilan belgilangan kompleks tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida quyidagilarga erishiladi:
- yuqori sifatli maktabgacha ta’limni ta’minlash, bolalarni sifatli maktabga tayyorlashni tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga muqobil dasturlarni joriy etishga;
- bolalarni maktabga tayyorlashning muqobil shakli bo‘lgan 6100 ta qisqa muddatli guruhlar tashkil etishga;
- 3-6 yoshdagi maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan bolalarni ularning ota-onalarini metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash orqali maktab ta’limiga tayyorlashni tashkil etishga;
- maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini 50 ta yangi qurilish hamda mavjud muassasalarning 1167 tasini rekonstruksiya qilish va 983 tasini mukammal ta’mirlash orqali kengaytirishga;
- qishloq joylardagi maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalar badal to‘lovini 30 foizgacha kamaytirishga;
- bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovini 1,5 barobarga oshirishga.
Dasturning samarali amalga oshirilishi unda ko‘zda tutilgan ko‘rsatkichlar ijrosining borishini tizimli monitoring qilib borish orqali davlat organlarining doimiy nazoratida bo‘ladi.
Qarorning amalga oshirilishi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida respublikamizning uzluksiz ta’lim tizimini yanada isloh qilish borasidagi rivojlanish yo‘lining uzviy va bosqichma-bosqichligini ta’minlaydi.