Odatda ota-onalar farzandlarini 2-3 yoshidan bolalar bog‘chasiga borishini ma’qul bilshadi. Biroq bolakay har doim ham yangi muhitga tezda o‘rganolmaydi. Moslashuv davri oson va asabbuzarliklarsiz kechishi uchun bir nechta tavsiyalarni taqdim etamiz.
KUN TARTIBI
Farzandingizni bolalar bog‘chasiga olib borganiningizda, dastlab uzoq vaqtga qoldirmang.Uch kun davomida 2-3 soat yetarli. Keyingi kunlarda esa tushlikkacha qoldiring, yangi do‘stlari bilan birgalikda ovqatlanib ko‘rsin. Ana shundagina bola asta-sekinlik bilan moslashuv jarayonidan o‘tib boradi. Ikkinchi haftadan esa kichkintoy uyqu vaqti ham bog‘chada qolsin. Agar farzandingiz uxlolmay yoki ertaroq uyg‘onib, xarxarsha qilsa, har ehtimolga qarshi bu haqida ham tarbiyachi bilan kelishib oling.
DO‘STLAShIShNI O‘RGATING
Bolakay erta-yu kech uyda kattalar bilan qolmay, tengdoshlari bilan bolalar maydonchasida o‘ynashga odatlangan bo‘lsa, bog‘chaga o‘rganishi osonroq kechadi. Axir unda do‘stlashish ko‘nikmasi bor. Jigarbandingizni bog‘chaga berish istagingiz bo‘lsa, unibunga avvaldan tayyorlab boring. Tengdoshlari bilan aloqaga kirishishni o‘rgating, buning uchun bolalar maydonchasi, sayrga chiqish, u bilan ko‘proq muloqot qilish tavsiya etiladi. Bolalar maydonchasida farzandingiz o‘zini qanday tutadi, o‘yinchog‘ini boshqalar bilan bo‘lishadimi, kuzating. Ko‘p hollarda bolalar bog‘chadaginotanish davrada yolg‘iz qolmaslikni istab, uydagi o‘yinchog‘ini olib ketadi. Guruhdoshlari uning o‘yinchog‘iga teginsa, kichik muammolar kelib chiqishi mumkin. Yuqoridagi kuzatuv ana shunday holatlar uchun muhim.
QAYSI FASLDA BOG‘ChAGA BORGAN MA’QUL?
Albatta, yozda. Bog‘chaga o‘rganish uchun eng qulay davr, negaki, bolalar bu faslda aksariyat vaqtlarini maydonchada o‘ynab o‘tkazishadi. Іamda mavsumiy kasalliklar ko‘p ham bezovta qilmaydi.
MUSTAQIL BO‘LIShGA O‘RGANADI, AMMO...
Ota-onalar aksariyat hollarda farzandini tuvakka o‘rgatish, taglikdan ajratish uchun bog‘chaga berishadi. Maslahatimiz, farzandingizni bu ishlarga o‘rgatishni bog‘cha tarbiyachisiga yuklamang. U bir vaqtning o‘zida 20 nafardan ortiq bolani eplashi, kichik xojatlari uchun ma’sul bo‘lishi qiyin. Yaxshisi bolakay bu ko‘nikmalarga oilasida, o‘ziga tanish bo‘lgan muhitda o‘rgansin.
“BOG‘ChAGA BORAMIZ!” O‘YINI
Bolakayni bog‘chaga berishdan avval unda bu maskan haqida ijobiy taassurot uyg‘otish kerak. Muassasaning qanchalar yaxshi ekanligini gapirib bergandan ko‘ra, uni ko‘rsatgan ma’qul. Kun davomida qiziqarli jarayonlar, do‘stlari bilan o‘ynashini tasvirlab berish uchun o‘yin tarzida tushuntirish kerak. Bunda bolakayning o‘yinchoqlari sizga yordam beradi. Uyingizni kichik bir hududini bolalar bog‘chasiga aylantiring. O‘yin vaqti bolakay sevimli o‘yinchog‘ini bog‘chasiga bersin.
Bog‘cha kun tartibidagi hamma vaziyatlarni o‘yin shaklida ko‘rsatib bering. Masalan, ertalab o‘yinchoqni uyqudan uyg‘otib, kiyintirib, choy ichirib, bog‘chaga kuzatib qo‘ying. Іamda o‘yinchoq bog‘chaga borishda va u yerda qolayotgan vaqtida yig‘lamayotganini bot-bot aytib, maqtashni unutmang.
Besh-oltita o‘qiynchoqni o‘tkazib, guruh tuzing. Ular bilan gigiyenik muolajalar o‘tkazish, nonushta va tushlik qilish farzandingizga yoqishi, shubhasiz. Shuningdek, tushdagi uyqu haqida ham unutmang. Ularga qo‘shilib farzandingiz ham uxlasin. Turli hil mashqlar, ya’ni rasm chizish, yasash kabilar ham vaqtni maroqli o‘tkazadi. Asosiysi, onaning farzandini bog‘chada olib ketadigan sahna yodingizdan ko‘tarilmasin. Bu jarayonda «Men qaytib keldim. Endi uyga qaytamiz. Bugungi kuning juda qiziqarli o‘tdi, sen hatto zerikishga ham ulgurmading!» deb aytish o‘rinli bo‘ladi.
Bolani bog‘chaga o‘rgatishdek mashaqqatli ishda omad va sabr tilab qolamiz!
Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz