Bilasizmi?

Qora smorodina diareyadan xalos etadi

Qora smorodina — qorag‘at ham tengi yo‘q ta’mga ega, ham organizm uchun juda foydali meva. Shuning uchun ham uni barcha sevib iste’mol qiladi. Shifobaxsh elementlarga boy tarkibiy qismi tufayli smorodina xalq tabobatida keng qo‘llaniladi.

Vitaminlar koni

Qora smorodina mevasi o‘zida B, PP vitaminlarini, A provitaminini, qand, pektin moddasi, fosfor kislotasi, efir moyi, oshlovchi moddalar, B guruhidagi vitaminlar, karotin, kaliy tuzi, fosfor tuzi va temir moddalarini yetarlicha saqlaydi.

Uning barglarida esa fitonsidlar, magniy, marganes, oltingugurt, kumush, mis, qo‘rg‘oshin, efir moyi va C vitamini saqlanadi. Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, aynan S vitamini tufayli u boshqa rezavor mevalar orasida yuqori o‘rinda turadi. Organizmda askorbin kislotasi yetarlicha bo‘lishi uchun ham undan kuniga 15 20 dona iste’mol qilish lozim.

Qora smorodina saraton va yurak-qon tomir kasalliklari xavfining oldini oladi, aqliy qobiliyatning susayishiga va keksayishga qarshilik qiladi. Bundan tashqari u qandli diabet xastaligini yengillashtirish, ko‘zning o‘tkirlashishi va ko‘rish qobiliyatining kuchli bo‘lishiga yordam beradi.

Buyrak va peshob yo‘lidagi toshni tushiradi

Buning uchun sirli idishga 5 10 dona smorodina bargi va 10 15 dona mevasini solib, ustidan 2 stakan qaynoq suv quying va 30 daqiqaga bostirib qo‘ying. Darmondori tayyor bo‘lgach, undan kuniga 3 4 mahal 1 stakandan iching. Iloji bo‘lsa, damlamani har ichishdan oldi, yangidan tayyorlang.

Bundan tashqari, bu damlama jigar faoliyatini yaxshilaydi, aterosklerozga foyda beradi va nafas yo‘lidagi muammolardan xalos etadi.

Qora smorodina tarkibidagi C vitamini — antotsianidin yetarli miqdorda saqlanadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu meva shamollashga qarshi kurashish va dezinfeksiyalashga juda katta yordam beradi.

Xalq tabobatida bu mevadan ko‘pincha damlama (choy) holatda foydalaniladi. Qora smorodina damlamasi diareya va harorat ko‘tarilishidan xalos etadi.

Smorodinali shirinliklar avitaminozga davo

Darhaqiqat, bunday shirinliklar, ya’ni smorodinali murabbo va kompotlarni mavsum vaqtida tayyorlab, bankalarga yopib qo‘ysangiz, bahor faslida aynan vitamin yetishmovchiligidan qiynalayotganda oilangiz bilan iste’mol qilasiz. Qarabsizki, avitaminoz yengiladi.

Bundan tashqari bu shirinlikni og‘ir kasallikdan turgandan keyin yoki jarrohlik amaliyotidan so‘ng iste’mol qilsangiz, immunitetingiz ko‘tariladi va quvvatga kirasiz.

Qanday kasalliklardan xolos etadi?

  •  Bunday qaynatma, eng avvalo, kamqonlikdan xalos etadi.
  • Shuning bilan birgalikda, gipertoniya, tish milklari shamollashi va qonab qolishi, oshqozon yarasi, o‘n ikki barmoqli ichak xastaliklari va gastritni davolaydi.
  • Smorodina bargi qaynatmasidan qilingan vanna teridagi turli xil toshmalarni, teri kasalliklarini bartaraf etadi.
  • Smorodina bargi damlamasi esa organizmdagi peshob tiqilishining oldini oladi.
  • Bundan tashqari, smorodina bargi damlamasi shifobaxsh terlatuvchi, yengil yumshatuvchi va modda almashinuvini meyorlashtiruvchi sifatida shamollashdan aziyat chekayotgan bemorga foyda keltiradi.
  • Qora smorodina sharbatini asal yoki shakar bilan ichsangiz, yo‘taldan xalos bo‘lasiz.
  • Bu meva shifobaxshlikda va S hamda V guruhidagi vitaminlarni saqlash jihatidan na’matakdan keyingi o‘rinda turadi. Shuning uchun undan ishtaha ochish, quvvatlanish va infeksiyadan xalos bo‘lishda foydalaniladi.
  • Smorodina tarkibidagi fitonsidlar yordamida oltin rang stafilokokk, mikroskopik zamburug‘lar tufayli yuzaga keladigan kasalliklar, jumladan, dizenteriya yengiladi.
  • Qora smorodina damlamasi va mevasining o‘zi grippning A hamda B viruslarini yo‘qotadi va immunitetni ko‘taradi. Ich qotishi, qabziyatning oldini oladi.
  • Asab sistemasi faoliyati buzilganda esa qizil smorodina yeyish lozim. Chunki unda tinchlantiruvchi xususiyat bor.

Smorodinadan retseplar

  • Shamollaganda, yo‘tal bezovta qilganda, oshqozon-ichak trakti faoliyati buzilganda, og‘iz bo‘shlig‘i va tomoq yo‘llari yallig‘langanda foyda bo‘ladigan damlamani tayyorlash uchun, avvalo, 1 osh qoshiq smorodina mevasini idishga solib, ustidan 1 stakan qaynoq suv quying va 1 2 soat davomida bostirib qo‘ying. Darmondori tayyor bo‘lgach, undan kuniga 3 4 mahal ovqatdan oldin 1 stakandan qabul qiling.
  • Smorodinaning yangi novdachalarini mayda to‘g‘rab, idishga soling va 7 10 daqiqa davomida past olovda qaynating. Qaynatma tayyor bo‘lgach, uni singa, lavsha, zangila kabi milk kasalliklariga qarshi qabul qiling. Bundan tashqari, mazkur qaynatma bilan kuniga 2 3 mahal og‘izni chayib turishning o‘zi ancha foyda beradi.
  • Qora smorodina bargi damlamasi peshob haydovchi darmondori sifatida ham qo‘llaniladi. Chunki unda sistit, piyelonefrit va peshob yo‘lidagi toshlarni haydash xususiyati bor. Buning uchun 5 6 osh qoshiq quritib maydalangan smorodina bargini idishga soling va ustidan 1 l qaynoq suv quyib, 1 2 soatga bostirib qo‘ying. Darmondori tayyor bo‘lgach, undan kuniga 5 6 mahal ovqatdan oldin 1 stakandan iching. Mazasini va quvvatliligini oshirmoqchi bo‘lsangiz, unga qand yoki asal qo‘shib ichishingiz ham mumkin.
  • Bo‘g‘imlardagi og‘riq (podagra) va revmatizmdan xalos bo‘lmoqchimisiz? Buning uchun 1 osh qoshiq quritib maydalangan smorodina bargini idishga soling va ustidan 1 stakan qaynoq suv quyib, 1 2 soatga bostirib qo‘ying. Darmondori tayyor bo‘lgach, uni sizdirib oling va undan kuniga 4 5 mahal ovqatdan oldin 0, 5 stakandan iching.
  • Qora smorodinadan yangi tayyorlangan sharbat oshqozon hamda o‘n ikki barmoqli ichak yarasi va jigar xastaligiga qarshi shifobaxsh darmondoridir. Buning uchun undan kuniga 2 3 mahal ovqatdan 30 daqiqa oldin 1 stakandan ichsangiz, kifoya.
  • Smorodina mevasidan shakar aralashtirib tayyorlangan darmondori ateroskleroz va gipertonik kasalliklarga qarshi qo‘llaniladi. Buning uchun 1 osh qoshiq smorodina mevasini idishga soling va ustidan 3 osh qoshiq qaynoq suv quyib, 30 daqiqaga bostirib qo‘ying. Darmondori tayyor bo‘lgach, undan kuniga 2 3 mahal ovqatdan 30 daqiqa oldin 1 osh qoshiqdan qabul qiling.

Qora smorodina oshxonada

Eng avvalo, smorodinali shirinliklar ishtaha ochuvchi bo‘lgani uchun ham tayyorlanadi. Ayniqsa, yuqorida aytganimizdek, ayni bahor faslining ilikuzildi davrida bu shirinliklar quvvatlantiruvchi, immunitetni ko‘taruvchi va anemiyadan xalos etuvchi darmondori sifatida sizga yordamga keladi. Shuning uchun smorodinadan murabbo, kompot, sharbat, kisel, sous, vino, jem va turli xil pishiriqlar tayyorlash tavsiya etiladi.

Agar ayni damda, ya’ni smorodina pishiqchiligi davrida undan banka yopishga iloj topa olmasangiz, mevani quritib oling va yaxshigina qurib qolgach, setkali xaltachalarga solib, bahavo joyga ilib qo‘ying. Yoki muzlatkichning alohida tortmasiga solib qo‘ying. Qishda yoki bahorda undan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, istalgan holatda iste’mol qilishingiz mumkin.

Manba: Avitsenna.uz