Bilasizmi?

Ranglarni o‘rganamiz

Go‘daklar ikki oylik bo‘lganlarida ranglarni ajrata boshlaydilar. Ularning eng birinchi bo‘lib boshqa ranglardan farqlay oladigan ranglari qizil rang hisoblanadi. 6 oylik chaqaloqlar sariq va yashilni, keyinroq esa moviy rangni farqlay boshlaydilar. Besh yoshga to‘lganlarida esa hamma ranglarni ajratib, nomlarini bemalol ayta oladigan bo‘ladilar.

Farzandingizga ranglarni farqlay olishi uchun, avvalo, o‘zingiz ko‘mak berishingiz kerak bo‘ladi. Unga xar hil ranglardagi o‘yinchoqlarni olib bering. Ammo shoshilmang, ranglarni birdaniga emas, bitta-bittadan o‘rgatib boring, chunki mittivoy hammasini birdaniga eslab qololmaydi. Masalan, dushanba kuni qizil rangni o‘rgatsangiz, seshanba kuni sariq rang va h.k.

Keling, qizil rangdan boshlaylik. Demak, bolangizning atrofiga bugun faqat shu rangdagi shakllar, o‘yinchoqlarni qo‘ying va har birining nomini, rangini aytib chiqing. Unutmang, bolangizga notanish nomlarni eslab qolish juda qiyin, shuning uchun sizdan ulkan sabr-toqat talab etiladi. U ranglarni farqlay boshlagach, ikki xil rangdagi o‘yinchoqlarni aralashtirib bering. Agar yaxshi "dars" o‘tgan bo‘lsangiz, bolangiz ranglarning nomini va farqini aytib bera oladi.

Manba: Beka.Uz