Bilasizmi?

Ruldagi onalar: bolangizni avtomobilda yolg‘iz qoldirmang!

Quyidagi kabi voqealar oxirgi paytlarda juda ko‘p uchrayapti. Onalarimiz do‘konda, bozorda, notanish joyda bolalarining qo‘lini mahkam ushlab, bir zumga bo‘lsin qo‘yib yubormaydilar. Ammo nima uchundir avtomobil saloni ularga xavfsiz joy bo‘lib tuyuladi. Aslida esa mashinada yolg‘iz qolgan kichkintoy uchun xavflar juda ko‘p.

1-voqea. Ijevsk (Rossiya). Bir yarim yashar qizalog‘i va 1 oylik o‘g‘li bilan yosh oila savdo markaziga keladi. Yo‘lda uxlab qolgani uchun chaqaloqni mashinada qoldirishga qaror qilishadi. Orqa o‘rindiqda maxsus savatchada bolani qoldirib, mashina eshiklarini yopib, savdo markaziga kirib ketishadi. Oradan 40 daqiqa o‘tib, ota-ona savdo markazidan qaytganda, chaqaloqni jonsiz ko‘rishdi. U issiqda dimiqib o‘lib qolgandi.

2-voqea. Kiyev (Ukraina). Ota-ona 2 yashar o‘g‘lini uxlayotgani uchun uyg‘otishga ko‘zi qiymay mashinada qoldirishadi va do‘konga kirib ketishadi. Bolakay uyg‘onib, ota-onasini qidirib mashinadan tushadi (u avto eshigini ichkaridan ochishni eplagan). Yo‘lning qatnov qismiga birdan yugurib chiqib qoladi. Yuk mashinasi chap berishga harakat qilsa-da, ulgurmaydi: bola qattiq jarohatlar tufayli olamdan ko‘z yumadi.

3-voqea. Toshkent (O‘zbekiston). Chilonzor metrosi yaqinida bir ayolning dorixonadan chiqayotib, «Yordam beringlar! Bolamning boshini uzvoradi hozir!!!» degan ayanchli qichqirig‘i eshitiladi. Ona bir zumgina dorixonaga ketayotib, uch yashar bolasini avtomobil salonida qoldiradi. Bolakay avto oynasini ochadi, keyin boshini tashqariga suqib, oynani yopish tugmasini bosib yuboradi. Oyna sirg‘alib kelib bolaning bo‘yniga tiralgan payti ona ko‘rib qolib, yordamga chaqira boshlaydi. Yaxshiki, atrofdagilarning yordami bilan bolakay qutqarib qolindi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh da 2014 yilning o‘zida avtomobilda yolg‘iz qoldirilgan 30 nafar bolaning joni uzilgan. 2013 yilda bu raqam bir yarim barobar katta – 44 nafarni tashkil qilgan. 1998 yildan beri esa jami 637 ta bolakay avtomobilda yolg‘iz qoldirilishi oqibatida nobud bo‘lgan. Ularning 70 foizi hali 2 yoshga to‘lmagan go‘daklar edi.

Bu birgina davlat miqyosidagi holat. Avtomobilning naqadar xavfga to‘la joy ekanligini anglatish uchun bu raqamlarni keltirdik.

Bola bilan rulga o‘tirar ekansiz, quyidagi xavfsizlik qoidalariga amal qiling.

  • Salonda kichkintoylarni maxsus avtokresloda olib yuring.
  • Orqani ko‘rsatadigan oyna tashqarini to‘liq ko‘rsatishi kerak, orqa o‘rindiqda o‘tirgan bolangizni emas. Siz farzandingizni doim ko‘rib turgan holda tashqaridagi ahvolni bilish uchun hadeb orqaga qarayversangiz, bu yomon oqibatga olib kelishi mumkin. Yaxshisi, ikkita orqani ko‘rsatadigan oyna o‘rnating: birinchisi tashqarini ko‘rish uchun, ikkinchisi orqa o‘rindiqni.
  • Hech qachon, hatto bir daqiqaga bo‘lsin bolani avtomobilda yolg‘iz qoldirmang. Bu o‘rinda qo‘llaydigan har qanday ehtiyot choralaringiz oxir-oqibat bolakay uchun katta xavfga aylanishi mumkin. Bolani avtokresloga kamar bilan mahkamlab ketsangiz, asabiy zo‘riqishi, tipirchilashi va kamarga o‘ralib, bo‘g‘ilib qolishi mumkin. Eshiklarni qulflasangiz, dimiqadi, ochib ketsangiz, yo katta ko‘chaga chiqib ketadi, yoki yuqorida keltirilgan voqeadek, oynani ochib, xavf tug‘diradi. Bundan tashqari, tezlik richagini o‘ynashi, avtomobilni qo‘l tormozidan chiqarib yuborishi, pedallarni tartibsiz bosib avtomobilni harakatga keltirishi ham mumkin.
  • Agar yo‘l-patrul xodimi sizni to‘xtatsa, bolani mashinada qoldirib, o‘zingiz tushmang. Rulda qimirlamay o‘tiravering, xodim o‘zi kelib, siz bilan gaplashadi. U, shunchaki, hujjatlaringizni tekshirish uchun to‘xtatgan bo‘lsa, bu ayni muddao. Bordiyu, sizdan mashinadan tushib dalolatnoma tuzish uchun u bilan borishingizni so‘rasa, bu bir necha daqiqa davom etadi-ku degan o‘y bilan kichkintoyni mashinada qoldirmang, uni ham o‘zingiz bilan olib chiqing.

Yuqoridagi oddiy, ammo muhim qoidalarga rioya qilish bilan siz, avvalo, kichkintoyingizning xavfsizligini, qolaversa, o‘z xotirjamligingizni taminlaysiz. Bilib bo‘lmaydi: bir daqiqada bitadigan ishingiz yarim, hatto, bir soatga ham cho‘zilishi mumkin. Bolangiz siz bilan bo‘lgani ma’qul.

Bolalarni asrang!

Manba: Darakchi.uz