C vitaminini iste’mol qilish ba’zi oqqon (leykemiya) kasalliklariga yo‘liqqan kishilarni davolashni samaraliroq qilishi mumkin. Bunday xulosaga Daniya va AQSh olimlari keldi, deb yozadi Sof.uz.
Daniyaning ilmiy yangiliklar portali xabariga ko‘ra, laboratoriya tadqiqotlari istiqbolli natija ko‘rsatganidan keyin yangi uslubni Kopengagendagi Milliy kasalxonada klinik sinovdan o‘tkazishga qaror qilingan.
«C vitaminining kichik dozasi saraton hujayralarining o‘z-o‘zini yo‘q qilish ichki mexanizmini ishga tushirishda yordam beradi, ular ko‘proq nobud bo‘ladi. Bu o‘limga olib keladigan kasallikni davolash samaraliroq va osonroq bo‘lishiga umid qilish uchun asos beradi», — dedi tadqiqot muallifi Kirsten Gryonbek.
Olimlar miyelodisplastik sindrom va miyeloid leykozli bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan azatsitidin («Vaydaza») preparati ta’sirini o‘rgandi. Dori hujayralar DNKsidagi ma’lum genlarga ta’sir o‘tkazib, ularni o‘zini virus bilan zararlangan deb o‘ylashga va o‘z-o‘zini o‘ldirishga majbur qiladi. C vitamini bilan uyg‘unlashganda, dorining samaradorligi ikki-uch marta oshgan, C vitaminining o‘zi esa saraton hujayralariga hech qanday ta’sir o‘tkazmaydi.
Tadqiqot mualliflari hozircha C vitaminining azatsitidin bilan o‘zaro ta’siri mexanizmini aniq tushuntirib bera olmaydi. Turli versiyalar ko‘rib chiqilmoqda. Olimlar, shuningdek, ushbu uslub hali odamlar ustida olib borilgan sinovlar orqali tasdiqlanmaganini ta’kidlamoqda.