Bilasizmi?

Sahar maktabining onlayn-tadbiri davom etmoqda

Avval xabar berganimizday, Cahar onlayn-maktabi yo‘l harakati xavfsizligi va madaniyati bo‘yicha aholi bilimini oshirish hamda shu sohaga doir masalalarga yechim topish maqsadida internetda aksiya o‘tkazmoqda.

Aksiya ishtirokchilari ushbu mavzularga oid o‘z fikrlarini guruhda nashr etishmoqda. Postlarga izohlar qoldirilmoqda.

Tadbir ishtirokchilaridan biri Ulug‘bek Babaxanov “Baland musiqa YTHlarga qay darajada ta’sir qiladi” mavzuida post qoldirgan. Unda YTHga olib kelishga sabab bo‘lgan baland musiqa va tezlik oshirilganligi haqida gap boradi. Unga Fotima Nur va Mohira Kurbanova hamfikrligini izoh tarzida qoldirgan.

Yana bir ishtirokchi Sharofiddin Azizmatov do‘stlari bilan mashinani ijaraga olib sayr qilishgani, qoidalardan bexabar holda yo‘l aylanishga chiqish fojia bilan yakun topganini hikoya qilgan. Hikoyasini ushbu qayg‘uli va ayni vaqtda ibratli so‘zlar bilan yakunlagan “Bizday yosh, qonun-qoidalarni bilmaydigon bollarga mashinani ijaraga bergan odam esa qonun oldida javob berdi. Lekin bu qilmishimizning badali biz uchun juda og’ir bo’ldi. Bir dostimizning bevaqt o’limida bizning ham aybimiz bor, va biz bu aybimizni hech qachon yuva olmaymiz!!!”

Undan tashqari tibbiy yordam aptechkalari mavzuida, o‘zbekistonlik inson AQShda YTH natijasida hayotdan ko‘z yumgani haqida postlar qoldirilgan. Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi gavjum guruhlardan biri “Voditeli Tashkenta”ga joylangan surat ilova tarzida qo‘yilgan. Suratda YPX xodimi boshqarayotgan avtomobil harakat qoidalariga zid holda katta yo‘lda qayrilayotgani aks etgan.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan rulda o‘tirganda kamar taqish, telefondan foydalanmaslik to‘g‘risida videolar ulashilgan. Joylangan rasmlarning birida “Ichib oldingmi? Endi seni kim olib ketadi?” yozuvi bo‘lib, unda kirakash, militsioner, shifokor, dafn etish xodimi surati turibdi.

erkak.uz va farzand.uz saytlari mazkur aksiya hamkoridir. Onlayn-tadbirda qatnashing. Fikrlaringizni baham ko‘ring.