Tong otib ulgurmasidan chaqalog‘i ko‘zini ochib oladigan ota-onalar uchun uyg‘otuvchi qo‘ng‘iroqqa hojat ham qolmaydi. O‘z vaqtidan ertaroq uyg‘onib olish ko‘pchilik go‘daklarning odati.
Ammo bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarning 10 – 15 foizi esa tashqi ta’sirlarga ta’sirchan bo‘ladi va barvaqt uyg‘onib oladi. Tadqiqotlar natijasi bunday serharakat va sezgir bolalarning erta oyoq chiqarishini ko‘rsatmoqda. Ammo pediatrlar bolaning uyqu rejimini normallashtirish zarurligini ta’kidlashadi. Quyida sizni buning usullari bilan tanishtiramiz. Barcha tavsiyalar "Go‘dak uyqusi" kitobi muallifi Rebekka Uelton tajribasiga asoslangan.
Bolaning ovqatlanish vaqtiga e’tiborli bo‘ling
Buning boshi sababi – go‘dakning tungi uyquni yaxshi ko‘rishi va tun yarmidan oqqanda ovqatlanishdan ham voz kechishi ham bo‘lishi mumkin. Bu holat asosan 6-8 oylik bolalarda ko‘p uchraydi. Ular qorni och qolgani tufayli odatda tonggi 6 va 7:30 atrofida uyg‘onib olishadi.
Tashqi ta’sirlarni o‘rganing
Ehtimol, go‘dakni quyosh nurlari, kuchli yorug‘lik yoki qushlarning chug‘urlashi, ko‘chaning shovqin-suroni bezovta qilayotgandir. Uyg‘otuvchi qo‘ng‘iroq – budilnikni bola odatda uyg‘onadigan vaqtdan 10 daqiqa avvalroqqa to‘g‘irlab, uyg‘oning va bu ta’sirlarni o‘rganing. Bola miriqib uxlashi uchun xalaqit qiladigan ta’sirlarning oldini oling.
Bolani ertaroq uxlatishga harakat qiling
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, tunda ertaroq uxlagan go‘daklar tongda kechroq uyg‘onar ekan. Go‘daklarning erta sahardan uyg‘onib olishlarining bosh sababi ularning juda holdan toyib va kech uyquga ketishlaridir. Shu boisdan bolaning uyqu vaqtini bosqichma-bosqich ertaroqqa ko‘chirish kerak. Uxlash vaqtini birinchi kun 20 daqiqa, agar o‘zgarish sezilsa, ikkinchi kun yana 20 daqiqa oldinga suring. Shu orqali bolangizning uyg‘onish vaqtini o‘zingiz uchun qulay vaqtga to‘g‘irlab oling.
Bolaning uyqusini buzmang
Ko‘pchilik ota-onalar bolaning uyqusini buzsam, uni kechgacha olib o‘tirib, keyin uxlatsam, farzandim xotirjam uxlaydi va saharlabdan uyg‘onib olmaydi, deb o‘ylashadi. Aslida ular qattiq yanglishishadi. Aksincha, ota-onalar bu orqali bolani qisqa uyquga o‘rgatib qo‘yishadi. Shu sababli, bola uxlayotganda uning uyg‘onish vaqtidan cho‘chib, bezovta qilmang.
Bolani qayta uxlashiga yordam bering
Juda erta uyg‘onib olgan bolaning e’tiborini tortmang. U karavotda bo‘lsa, uni kuzatib, o‘z-o‘zi bilan ovunishiga qo‘yib berish kerak. Agar u yig‘lasa, uni uxlatishga urinib ko‘rish zarur.