“Samarkandskiy vestnik” gazetasi Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Boshdarxon mahallasida joylashgan 19-maktabgacha ta’lim muassasasining abgor ahvoli haqida maqola chop etdi, deb yozadi Sof.uz sayti.
Maqolada aytilishicha, maktabgacha ta’lim muassasasi 120 o‘ringa mo‘ljallangan, ammo hozir 55 bola tarbiyalanmoqda. Chunki bu yerda zarur shart-sharoit mavjud emas.
Muassasa binosi 1976 yilda qurilgan bo‘lib, aftidan necha yillardan beri ta’mirlanmagan. Kanalizatsiya tizimiga ulanmagan binoda tabiiy gaz ham yo‘q, hatto bet-qo‘l yuvgich (umivalnik)ni ham ko‘rmaysiz!
Mudira Dilrabo Hamidovaning aytishicha, maktabgacha ta’lim muassasasi joriy mavsum uchun tegishli tashkilotlarga ko‘mir so‘rab murojaat qilgan, biroq bu murojaat tushunarsiz sabablarga ko‘ra qondirilmagan. Shuning uchun muassasasa hisobiga oziq-ovqat uchun o‘tkazilgan mablag‘lar hisobidan ko‘mir ham sotib olishga to‘g‘ri kelmoqda.