Samokat — bu nafaqat vaqtni chog‘ o‘tkazish va yaxshi kayfiyat garovi, balki foydali transport vositasi hamdir. Samokatda doimiy ravishda uchish bolalarga ikki yoshdan boshlab foyda keltiradi.
Samokatning konstruksiyasi shunchalik oddiyki, bolada “U qanday yuradi?” yoki “Yiqilib ketmaymanmi?” degan savollar paydo bo‘lmaydi. Aynan uning soddaligi ota-onaga o‘z farzandini yosh paytidayoq samokat sporti bilan tanishtirish imkonini beradi. U orqali bola muvozanatni saqlashni o‘rganadi va velosipedga osonlik bilan o‘tadi.
Samokatda uchishning sog‘liq uchun foydalari quyidagilardan iborat:
- Oyoq mushaklari
Avvalambor, samokatda uchish orqali bola oyoq mushaklarini mustahkamlaydi. Bundan tashqari, samokat boshqa bolalar transport vositalaridan farqli ravishda, mushaklarning barcha turlarini bir vaqtning o‘zida rivojlantiradi:
- bola samokatga ikkala oyog‘ini ham qo‘yganida sonning keng muskul pardalari taranglashadi;
- samokatda tezlik bilan uchganida to‘rt boshli son mushagi faol harakatga keladi;
- tovonni yerga tirab uchgan vaqtda barcha pastki paylar ishtirok etadi.
Bor-yo‘g‘i 1—2 soat davomida samokatda uchish oyoqning barcha muskul tizimlari uchun to‘liq va faol mashq hisoblanadi.
- Nafas va yurak-qon tomir tizimi
Samokatda harakatlanish chog‘ida bola faol ravishda nafas oladi. Tinch holatda bir daqiqada bola 15—18 marta nafas olib-nafas chiqaradi. Organizmga yetarli miqdorda kislorod kirishi uchun u ikki marta ko‘proq nafas olib-chiqarishi kerak, bu o‘pka uchun normal tabiiy ventilyasiya hisoblanadi.
Shu tufayli samokatda uchish nafas tizimida muammolar bo‘lgan, jumladan, astma bilan kasallangan bolalar uchun tavsiya etiladi.
- Diqqat, epchillik, vestibulyar apparat
Boshqa har qanday sport bilan shug‘ullanish vaqtida bo‘lganidek, bola samokatda uchayotib, o‘z diqqatini jamlaydi. U muntazam ravishda o‘z nigohini yaqin nuqtalardan uzoqdagilariga ko‘chiradi, va shu tariqa, ko‘zini mashq qildiradi.
Samokatda uchish epchillik va abjirlikni shakllantiradi.
Samokatda yiqilmasdan turish uchun bola o‘z muvozanatini saqlaydi, bu esa vestibulyar apparat uchun eng yaxshi mashq hisoblanadi.
Maqolani tayyorlashda “Vsyo o detyax” portali ma’lumotlaridan foydalanildi.