Xitoyning Xarbin shahrida yashovchi 11 yoshli Li Xang ismli bola 165 kilogramm vaznga ega bo‘lib, u Prader-Villi sindromi deb ataluvchi irsiy kasallikka chalingan, deb xabar berdi Darakchi.uz nashri.
Li Xangga oshqozonni kichraytirish yuzasidan o‘tkazilgan operatsiya yordam bermagach, u an’anaviy Xitoy tibbiyot usulida davolanishga majbur bo‘ldi. Uni ota-onasi Chanshun shahrida joylashgan kasalxonalardan biriga olib borishdi. Bu yerda bolaga banka qo‘yib, igna bilan davolashdi. Davolashning kelgusi bosqichida “yog‘ni eritish” maqsadida uning tanasiga “o‘t qo‘yishdi”. Albatta, bunday davolash usullarini qabul qilish, bechora Liga oson bo‘lmadi.
Prader-Villi sindromiga chalingan Li Xang 4 yoshda ekanligida uning vazni 43 kilogrammni tashkil etgan. U jadallik bilan semiravergandan keyin ota-onasi uni davolatishga harakat qildi. Semirishdan tashqari Lida gipertoniya, yog‘li gepatoz va podagra kasalliklari aniqlangan. U davolanayotgan kasalxonadagi 53 nafar bemorning 7 nafari bolalardir.
Fotosuratlardan kasalxonadagi mahalliy mutaxassislar ajdodlaridan qolgan tibbiy usullar yordamida semirib ketgan bemorlarni davolashayotganligini tushunish mumkin. Olov yordamida davolash asosan semizlikdan va qabziyatdan aziyat chekayotgan bemorlarda qo‘llanadi. Bunda bemorning tanasiga spirtda namlangan ho‘l sochiq yopilib, o‘t qo‘yiladi. Bu davolash usuli turli og‘riqlarni yo‘qotishda qo‘l keladi.