O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 avgust kuni ta’lim tizimida olib borilayotgan ishlar yuzasidan mas’ullarning hisobotlarini tinglash maqsadida o‘tkazilgan majlis vaqtida maktab o‘quvchilari formasiga e’tibor qaratgan. Kun.uz shu haqda yozmoqda.
Majlisda Prezident o‘quvchilarning formasi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyevning fikricha, maktab va kollejlarda o‘quvchilarning bir xil formasi bo‘lmog‘i lozim. Bu jamiyatda ma’rifatli, adolatli va teng huquqli muhit yaratishga yordam beradi.
Mentalitetimizni hisobga olgan holda, maktablar va kollejlarda o‘quvchilar uchun umumiy forma joriy qilish kerak. Masalan, Turkiya va Angliyada o‘quvchilar 100 foiz formada. Bu albatta, biz ulardan o‘rganishimiz kerakligini anglatmaydi.
Baribir ota-onalar maktab uchun forma oladi, lekin sifatsiz formani olyapti, puli ketyapti, to‘g‘rimi? Bu meni umuman qoniqtirmaydi.
Forma kiygan bolaning ma’naviyati o‘zgaradi, ma’rifati o‘zgaradi. Mas’uliyati va javobgarligi ham o‘zgaradi.
Ikkinchidan, bizning jamiyatdagi eng katta masala — boy bilan kambag‘al orasidagi munosabat. Oddiy oilaning oddiy kiyingan bolasi yaxshi kiyingan boladan g‘ashi keladi. Biz unga yoshlikdan nafrat tug‘diramiz, ma’rifat emas — nafrat tug‘iladi. Aynan mana shu narsani yo‘q qilishimiz kerak.
Maktabdan keyin nima kiysa kiyaversin. Maktabda esa hammani iloji boricha bir xil kiyintirishimiz kerak.
Agar biz buni uddalay olsak, adolatli, teng huquqli jamiyat quramiz», degan prezident.