Salomatlik

Shaxsiy tajriba: shamollashdan xalos bo‘lishning oson, samarali va arzon usuli

Bu yilgi qish quruq va issiq keldi. Odamlarning aytishicha, qor ko‘p yozsa va havo sovuq bo‘lsa, viruslar o‘lar ekan. Aksiga olib bahor ham xuddi yozday boshlandi. Natijada ko‘pchilik kattalar va bolalar grippga chalinayapti. Qish o‘rtalarida men ham shamollab qoldim. Yo‘tal, isitma, bosh og‘rishi va hokazolardan qutulish uchun aptekama-apteka yurib har xil qimmatu arzon dorilarni sotib olib ichdim, turli muolajalarni qildim. Shamollash esa hech uzoqlashay demadi, aksincha, uydagilarga ham yuqtirdim. Shunda “Feysbuk”dagi bir guruhda o‘qigan usulni qo‘llashga qaror qildim. Mahallamizdagi dala do‘koniga borib, bir kilogramm qora turp sotib oldim.

Internetda yozilganiday uning tepasidan qopqoqsimon kesib olib, ichini o‘ydim va asal solib, “qopqoq”ni yopib qo‘ydim. Alohida kosaga esa turp ichidan olingan mayda bo‘laklarni kubiksimon qilib to‘g‘rab, unga ham asal (bitta turpga uch-to‘rt osh qoshiq asal qo‘shdim) aralashtirdim va birgalikda issiqroq joyga qo‘ydim.

Oradan besh-olti soatcha vaqt o‘tganidan keyin turpning suvi chiqib, tashqariga ham toshib ketayotganini ko‘rdim. Demak, tayyor. Kosada ham turp suvi to‘lib turgan ekan. Suvni sizib olib, o‘zim va oilam bilan kuniga uch mahal bir osh qoshiqdan (o‘zim borey, deb ikki qoshiqdan) ichdik. Qora turpning ta’siri darhol sezildi. Bir kunda yo‘tal yumshagan bo‘lsa, ikki-uch kunda undan asar ham qolmadi. Aytgancha, bitta turp uch kishining tuzalishiga kifoya qildi.

Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib, qora turp po‘stlog‘ini archib, mayda kubiksimon to‘g‘rab, asalga aralashtirilganda ko‘proq suv olish mumkinligini aytmoqchiman.

Qora turpni Farhod bozorida 5 ming so‘mdan sotishayotgan ekan (dala do‘konimizda esa 2,5 ming). Toza asalni topish ham muammo emas har holda.

Internetda “qora turp” deb qidiruvga bergandim, uning shifobaxsh xususiyatlariga bag‘ishlangan bir olam ma’lumotlar chiqib keldi. Yo‘tal, ko‘krak shamollashi, tomoq og‘rig‘idan tashqari, ichaklar faoliyatiga samarali ta’sir qilib, tanadan ortiqcha xolesterinni chiqarib tashlashga ko‘maklashar ekan. Uni emizikli ayollar iste’mol qilsa, sutni ko‘paytiradi. Bargi, bargining suvi esa jigar to‘qimalarini ochadi. Qora turp og‘riq qoldirish, peshob haydash xususiyatiga ega. Bod, miozit, nevralgiya kabi xastaliklarni davolashda qo‘l keladi. Xullas, tabiatning o‘zi tabib, deyishadiku.

PS: Qora turp topolmasangiz, oddiysidan ham foydalanavering, u ham juda shifobaxsh. :)