— Bir yarim yoshli qizimning so‘lagi juda ko‘p ajralayapti. Tishlari chiqib bo‘lgan, hech qayeri bezovta qilmaydi. Nega so‘lagi ko‘payayotganini tushunolmayapman.
Yu.Qambarova, Surxondaryo viloyati
Magina ARTIKOVA, shifokor-pediatr:
— So‘lak ko‘payishi, so‘lak yo‘llaridagi yallig‘lanish, til, og‘iz bo‘shlig‘idagi turli infeksiyalar sabab yuzaga kelishi mumkin. Sitrus mevalarni ko‘p iste’mol qilish, stomatit, tish kasalliklari yoki nevrologik o‘zgarishlarda ham so‘lak ajralishi faollashadi. Me’da faoliyati buzilishi sodir bo‘lganida ham, so‘lak miqdori ortishi mumkin. Muammo nimada ekanligini aniqlash uchun pediatr va otolaringolog singari mutaxassislar ko‘rigi zarur. So‘lak ajralishiga sabab bo‘layotgan omil aniqlangach, shunga ko‘ra parhez yoki zaruriy muolaja buyuriladi. Ayrim onalar, so‘lak ajralishi ortganda bolaning sovug‘i oshgan, deb novvot yoki asal choy berishadi. Bilib-bilmay bu kabi muolajaga murojaat qilish turli allergik toshmalar yoki oshqozon faoliyatining buzilishiga olib kelishi hech gap emas.
Manba: Darakchi.uz