Farg‘ona viloyatidagi Shohimardon qishlog‘ida ko‘plab iste’dodli yoshlar istiqomat qiladi.
Ayniqsa, Afifa ismli uch yoshli qizaloqning noyob iste’dodi haqidagi gaplar viloyat markazigacha yetib borgan, deb yozadi Darakchi.uz.
“Endi tili chiqa boshlagandayoq qizimning xotirasi kuchli ekanini payqagandim.Qanday ertak o‘qib bermaylik, butun matnni bolalarga xos tilda qayta hikoya qila olardi. Bir kuni buvisi davlatlar nomi, ularning poytaxtlari haqida gapirib berdi. Qizim barchani lol qoldirib, xuddi o‘sha tartibda birma-bir qaytardi. Keyin globusdan mamlakatlar joylashuvini tushuntirdi. Afifa hech qiynalmasdan o‘sha davlat va uning poytaxtini ko‘rsatar va nomini aytardi”,— deydi qizaloqning onasi Mahliyo Qo‘shoqova.
“Qiziqishimiz ortib, biz ham qit’a va davlatlar nomini ataylab chalkashtirib aytdik. U hech adashmay “yer shari”dan o‘sha qit’a yoki davlatni topdi va poytaxti falon shahar deb, jajji barmoqlari bilan ko‘rsatdi. Umuman, dunyo xaritasidan 183 davlatni hech qanday xatosiz ko‘rsatib berdi”,—deya so‘zlarini davom ettiradi Afifaning onasi.