Ayrim mutaxassislarning fikricha: ayol bolani parvarishlash ta’tili paytida yoxud u tugagandan keyin ko‘p o‘tmay (1 yil davomida) yana homilador bo‘lgan bo‘lsa, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha to‘liq nafaqa olishga haqli emas. Norma.uz buning qanchalik haqiqatga mosligini tekshirishga urindi.
Avvaliga Prezidentning 27.12.2016 yildagi PQ–2699-son qarori 23-bandi bilan tanishib chiqamiz. U yerda ishga yangi kirayotgan yoki 12 oydan ko‘proq tanaffusdan so‘ng mehnat faoliyatini qaytadan boshlovchilar uchun homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar ishga qabul qilingan kundan boshlab amalda ishlangan vaqtiga qarab tabaqalashtirilgan miqdorda tayinlangan:
• 6 oygacha – o‘rtacha oylik ish haqining 50%i miqdorida; • 6 oydan 12 oygacha – o‘rtacha oylik ish haqining 75%i miqdorida; • 12 oydan ko‘proq vaqt – o‘rtacha oylik ish haqining 100%i miqdorida.
«Kamroq to‘lash» pozitsiyasi tarafdorlari quyidagi dalilni ro‘kach qiladilar: ayol bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lgan (muddati 3 yil,shundan 2 yiliga haq to‘lanadi). Binobarin, u go‘yo mehnat faoliyatini 12 oydan ortiq muddatga to‘xtatib qo‘ygan, bolani parvarishlash ta’tilidan chiqish esa mehnat faoliyatini tiklash hisoblanadi. Shu sababli u to‘liq ish yili ishlamaganda unga keyingi bolasining homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘liq miqdorda to‘lanmaydi.
Nima sababdan bu noto‘g‘riligi izohi keltiriladi.
Birinchidan, ayol bolasi 3 yoshga to‘lgunga qadar uni parvarishlash chog‘ida ijtimoiy ta’tillardan birida bo‘ladi (MKning 234-moddasi). Har qanday ta’til faqat ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan kishiga beriladi. Bunda bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lgan davr umumiy ish stajiga qo‘shiladi.
Bundan tashqari, MKning 64-moddasi hamda Mehnat organlarida fuqarolarni ro‘yxatga olish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlik nafaqasini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga (13.10.1999 yilda 831-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) muvofiq, uzoq, 12 oydan ortiq tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlayotgan shaxslar – ishsiz shaxslar toifalaridan biri.
Ikkinchidan, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdorlari ayol ishga qabul qilingan kundan boshlab o‘tgan muddatga bog‘liq. Ya’ni mehnat shartnomasi tuzilgan va ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgan kundan boshlab (MKning 82-moddasi).
Homiladorlik bo‘yicha nafaqaning 100 foiz miqdorini olish huquqini beruvchi ish stajini hisoblash sanasi Prezidentning 27.12.2016 yildagi PQ–2699-son qarorida aniq ko‘rsatilgan (4 baravar).
Shu tariqa, quyidagi xulosaga kelish mumkin. Bolani parvarishlash ta’tilidan chiqish va mehnat faoliyatini tiklash – boshqa-boshqa narsa. Ularni chalkashtirmaslik lozim. Ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgan paytdan boshlab 12 oydan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa, ayol tegishli homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdorining 100%ini olish huquqiga ega.