U nega kerak? Inson salomatligi uchun suv va havodek zarur mikroelementlardan biri, bu — yod bo‘lib, ushbu mikroelement insonda aqliy rivojlanish, organizmning o‘sishi, rivojlanishi hamda moddalar almashinuviga ko‘p tomonlama foydali ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, yod salbiy tashqi omillardan tanamizni himoya qilish vazifasini bajaruvchi qalqonsimon bez faoliyatida ham muhim o‘rin egallaydi. O‘rtacha og‘irlikdagi inson (tana vazni 70 kg.) organizmida 12-20 mg. yod mavjud bo‘lib, unga bo‘lgan kunlik ehtiyoj taxminan 0,2 mg.ni tashkil etadi. Yod tabiiy holatda dengiz mahsulotlarida ko‘p uchraydi va dengiz bo‘yiga yaqin joylarda istiqomat qiluvchi aholida yod yetishmasligi deyarli sezilmaydi. Dengizdan uzoq bo‘lgan mamlakatlarda esa yodga bo‘lgan talabni asosan oziq-ovqat mahsulotlari bilan qondirish mumkin.
YoD YeTIShMAGANDA Aniqlanishicha, yod yetishmasligi bola miyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib keladi. Hatto uning mo‘tadil ko‘rinishi ham intellektual qobiliyatning o‘rtacha 10 foizgacha pasayishini yuzaga keltiradi. Yod etishmasligi kuzatilgan bolalarda ruhiy va jismoniy rivojlanishning ortda qolishi, bo‘yi sekin o‘sishi, ma’lumot qabul qilishning qiyinlashishi, xotira va fikrlash jarayonining yomonlashishi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday bola va o‘smirlarning umumiy anglash faoliyati, darslarni o‘zlashtirishga bo‘lgan qarashlari va intilishlari susayadi. TAVSIYa QILINADI Yodlangan tuz iste’mol qilish, dengiz masulotlari, masalan dengiz karami, dengiz balig‘i kabilarni muntazam iste’mol qilish. Xurmo, yong‘oq, olma, no‘xat, mol go‘shti, pomidor, kartoshka kabi mahsulotlardan ko‘proq iste’mol qilish ham organizmning yodga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda yordam beradi. Shuningdek yilda bir marta shifokor endokrinolog ko‘rigidan o‘tib,tarkibida yod saqlovchi dori-darmonlarni qabul qilish kerak.
Saida Ibodinova tayyorladi.