Tanglay murtaklarining yallig‘lanishi natijasida yuzaga keladigan kasallik - anginadir. Angina (yoki tonzillit) tez-tez takrorlanib tursa, ota-ona tanglay murtaklarini olib tashlashga qaror qiladi. Unday qilishga shoshilmang. Tanglay murtaklarini asossiz va haqiqiy zaruriyatsiz olib tashlash salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Angina kasalligi bolani ham ota-onasini ham qiynab yuboradi. Birinchidan, u tez-tez takrorlanib turadi, ikkinchidan, uni davolash mexanizmi (tanglay murtaklarini yuvish, fiziomuolajalar va hokazo) bolaga og‘riq va stress keltriadi. Bundan bolani ko‘rgan ota-ona tanglay murtaklarini olib tashlashni afzal ko‘radi. "Tanglay murtaklari bo‘lmasa, yallig‘lanish ham yo‘q", deb xato fikr qiladilar.
Aslida tanglay murtaklari bola organizmi uchun himoya vositasidir. U birinchi bo‘lib tomoq tizimida tashqi muhitdan o‘ziga infeksiya va bakteriyalarni oladi. Shu bilan ularning yanada chuqurroq o‘tishiga to‘sqinlik qilib boshqa tomoq organlarini yallig‘lantirishdan himoya qiladi. Tanglay murtaklari olingan bolada angina kasalligi yuzaga kelmasligi bilan undan og‘irroq bo‘lgan laringit va traheitlar bilan bola kasallanishda davom etadi.
Shuning uchun tanglay murtaklarini olib tashlashdan oldin bunga haqiqiy zaruriyat borligiga amin bo‘lish lozim, ya’ni:
1. Davolanishning foydasi bo‘lmadi. Lekin bu butunlay asos emas. Avallambor quyidagi savollarga javob olish lozim:
- Davolanish o‘z vaqtida amalga oshirilganmi?
- Davolanish mexanizmi to‘g‘ri qo‘yilganmi?
- Davolanish analizlar natijasiga ko‘ra belgilanganmi?
- Davolanishdan tashqari yilda ikki marta profilaktika tadbirlari olib borilganmi?
- Bolani chiniqtirish tadbirlari qilinganmi?
- Davolanish muntazam ravishda (yilda 2-3 marta) olib borilganmi?
Muhim! Bolani tanglay murtaklari yallig‘lanishi (angina)dan davolaganda quloq, burun va tomoq kasalliklari shifokori bilan bir qatorda immunolog nazoratida bo‘lish shart. Chunki tanglay murtaklari bu organizm himoya tizimining (immunitetining) bir qismidir. Ularning yallig‘lanishi esa immunitetda zaiflik borligidan dalolat beradi.
2. Toksik va allergik asoratlar yuzaga keldi. Agar angina asorati sifatida bolada yurak va bo‘g‘im kasalliklari, revmatizm, buyrakka ziyon va boshqa salbiy oqibatlar namoyon bo‘layotgan bo‘lsa, tanglay murtaklarini olib tashlash tavsiya etilishi mumkin. Lekin bunda ham anginani yuzaga kelgan kasalliklar bilan bog‘liqligini maxsus tibbiy yo‘llar bilan aniqlash talab etiladi. Ba’zi kasalliklarning paydo bo‘lishiga angina sababchi bo‘lmasligi ham mumkin.
3. Paratonzilyar absses. Bu holatda tanglay murtaklari tezda olib tashlanishi shart. Chunki yig‘ilgan yiring tanglay murtaklaridan yorilib chiqib tomoq tomon tarqalib ketishi mumkin. Bu juda xavfli holatdir.
Tanglay murtaklari jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanadi. Bunda oddiy skalpel, lazer va ulrta tovushli vositalardan foydalaniladi.
Tanglay murtaklari olingan bola operatsiyadan so‘ng 2-3 yil pediatr nazoratida bo‘lishi lozim. Chunki bu, birinchidan, organizm uchun katta stress, ikkinchidan tomoqni himoyalovchi organ endi yo‘q va uchinchidan bolaning immuniteti pasayib ketgan.