Farzandingizning kelajagidan ko‘nglingiz to‘qmi? Siz ularda yetakchilik qobiliyatini tarbiya qilayapsizmi? Bugungi ota-onalar o‘z qo‘li bilan farzandlarini yetakchi va mustaqil shaxs bo‘lish qobiliyatidan mahrum qilmoqda.
Yetakchilik bo‘yicha ekspert, 25 dan ortiq kitob muallifi, Growing Leaders ("O‘sayotgan yetakchilar") tashkilotining asoschisi va prezidenti Tim Elmor ota-onalar farzand tarbiyasida yo‘l qo‘yadigan asosiy xatolarni sanab o‘tdi. Tim Elmor hozirgi ota-onalar bolalariga haddan ortiq g‘amxo‘rlik qiladi deb hisoblaydi.
Quyida ana shunday xatolarni keltiramiz:
- Bolalarni tavakkal qilish imkoniyatidan mahrum etamiz
Biz hozirgi olam tahdidlar bilan to‘lib toshgan deb fikrlashga odatlanganmiz. Farzandidan ayrilib qolish qo‘rquvi ota-onalarni ularga g‘amxo‘rlik qilishga undaydi. Bunda hatto asoslangan tavakkalchilikka ham yo‘l qo‘yilmaydi. Yevropa tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, bolaligida ko‘chada o‘ynamagan va "tizzasi shilinmagan" bola katta bo‘lganda fobiyalardan(qo‘rquv) ko‘proq aziyat chekadi.
Bolalar bu normal holat ekanligini tushunishi uchun bir necha marta yiqilishiga to‘g‘ri keladi. O‘smirlar hissiy yetuklikka erishish uchun balog‘at yoshidagi muhabbatni boshdan kechirishi lozim.
- Biz yordamga juda shoshilamiz
Hozirgi yosh avlod vakillari 20—30 yil ilgari ularning tengdoshlari ega bo‘lgan ko‘plab hayotiy tajribalarga ega emas. Chunki ularning ota-onalari farzandining muammosini hal qilib berishga juda shoshiladi. Bunday tezkor yordam bolalarni murakkab vaziyatlardan chiqib ketishdan xalos etadi va ular muammolarni mustaqil hal qilish ko‘nikmasidan mahrum bo‘ladi.
Bu esa yetakchilik tamoyillariga zid hisoblanadi. Yoshlar turli qiyinchiliklarni chetdan yordam olmasdan hal qilish bilan tajribasini orttirishi lozim. Aks holda ular "Men biror xato qilsam yoki maqsadimga erisha olmasam, kattalar buni tuzatib qo‘yadi va oqibatlarini bartaraf etadi" degan fikrga ko‘nikib qoladi.
- Bolalar juda osonlik bilan maqtov eshitadi
Bugungi sport to‘garaklarida hamma "g‘oliblar" yig‘ilgandek tuyuladi. "Har bir kishi mukofotga loyiq" tamoyili bolaga o‘zini qobiliyatli his qilishga yordam beradi. Biroq vaqt o‘tib, bolalar farzandini ajoyib deb hisoblayotganlar faqat ota-onasi ekanligini payqay boshlaydi va ularning ob’yektivligiga shubha paydo bo‘ladi.
- Aybdorlik hissi yaxshi xulqni qoplab ketishiga imkon yaratamiz
Bolalar har daqiqada sizni yaxshi ko‘rishi shart emas. U o‘ziga kerak bo‘lgan narsaga erishish uchun kurashishini istasangiz, unga "yo‘q", "hozir emas" kabi so‘zlarni ham vaqtida aytib turing. Bir nechta farzandi bor ota-onalar ulardan birini mukofotlab, qolganlarini ajratib qo‘yishni nohaqlik deb hisoblaydi. Biroq biz bu orqali omad bizning harakatlarimizga bog‘liq ekanligini bolalarga ko‘rsata olmaymiz.
- O‘tmishdagi xatolarimiz bilan bo‘lishmaymiz
Farzandingiz to‘g‘ri yo‘lni topishi uchun uning yoshida o‘zingiz yo‘l qo‘ygan xatolar haqida so‘zlab bering. Bunday vaziyatlarda nimalarni his qilganingiz va qanday xulosa chiqarganligingiz bilan ham bo‘lishing.
- Bizning so‘zlarimiz harakatlarimizdan farq qiladi
Ota-ona sifatidagi vazifamiz bolalarni o‘z so‘zi va harakatlari uchun javob bera oladigan inson qilib tarbiyalashdir. Biz o‘z uyimizda yetakchimiz, shuning uchun munosabatlarda faqat to‘g‘rilikka amal qilishimiz va shirin yolg‘on ertami-kechmi fosh bo‘lib, yosh xarakterni yemirishini tushunib yetishimiz lozim.
Ma’naviy tanlov chog‘ida sizni boshqa odamlar, ayniqsa farzandlaringiz kuzatib turganligini unutmang!