Bolalar taomi

Tezda tayyor bo‘luvchi bananli chizkeyk

Yozda, bolalar ta’tilda ekanligida, ularni xushta’m pishiriqlar bilan siylagingiz keladi. Biroq yarim kun xamiri bilan ovvora bo‘lish, kunning qolgan qismini issiq duxovka oldida o‘tkazish unchalik xush yoqmaydi. Bugun biz juda tez tayyor bo‘ladigan va ajoyib ta’mga ega bo‘lgan bananli chizkeykning retsepti bilan bo‘lishmoqchimiz. Uning xamiri bor-yo‘g‘i besh daqiqada tayyor bo‘lsa, duxovkada 30 daqiqa vaqt o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.

Zarur masalliqlar:

- yog‘siz tvorog  — 500 gramm;

- yaxshi pishgan banan — 5-6 dona;

- un — 2 osh qoshiq;

- tuxum — 1 dona.

Tayyorlanishi:

  1. Tvorogni blenderda aralashtirib, so‘ngra elakdan ishqab chiqaramiz.
  2. Bananlarni ham blenderda ezib, so‘ngra tvorog bilan aralashtiramiz.
  3. Tvorogli aralashmaga tuxumni chaqib, unni elakdan elab solamiz. Barchasini yaxshilab aralashtiramiz.
  4. Qolipni yog‘lab, biroz un sepamiz. Tvorog va bananli massani 180 darajagacha qizdirilgan duxovkaga solib, 30 daqiqa pishirib olamiz.

Tayyorlanishi juda oson va mazali chizkeyk tayyor! Yoqimli ishtaha!