Bilasizmi?

Tish chiqishi bilan bog‘liq muammolar

Bolada tish chiqishi asosan 6 oydan boshlanib, 2.5-3 yoshiga qadar ma’lum bir tartibda barchasi chiqib bo‘ladi. (Tish chiqish jadvali) Lekin bu muddat va tartib bolaning ovqatlanishi, genetik rivojlanishi va boshqa sabablar tufayli har xil bo‘lishi mumkin. Agar oldin tish chiqishining kechikishi raxit belgisi deb ta’kidlangan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, jismonan sog‘lom bolada ham tish chiqishi normadan kechikishi yoki oldinroq bo‘lishi mumkin ekanligi aniqlandi. Tish chiqish jarayoni ayrim bolalarda muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

Ota-onalar quyidagi holatlarga alohida ahamiyat bermoqlari lozim:

- Tish chiqishi jadvaldagi muddatlardan 2-3 oyga kechikishi; - Tishning jadvaldagi muddatdan 2-3 oy oldin chiqishi; - Tish chiqish tartibining buzulishi; - Tish chiqishi milkdagi tishlar qatoridan bo‘lmasligi; - Tishning noto‘g‘ri shakllanishi; - Tug‘ilishdan oldin tish chiqishi.

Yuqoridagi holatlar kasallik holati emas, lekin bola organizmida ma’lum patologik jarayon mavjudligidan dalolat beradi.

Tish chiqayotganda, ko‘p so‘lak oqishini, bola tajang bo‘lishini, og‘ziga qo‘lini yoki o‘yinchoqlarni solib yurishini, ishtaha yo‘qligini, uyqusi buzulishini kuzatishimiz mumkin.

Bola tishi chiqayotganda uning qiynalishini qanday yengillashtirish mumkin:

1. Tishi chiqayotgan paytda bolaga ikki barobar ko‘proq mehr va e’tibor;

2. Rezinali, plastmassali bola tishlab yuradigan va tish chiqishini osonlashtiruvchi maxsus o‘yinchoqlar (bolada og‘riq juda sezilarli bo‘lsa, bu o‘yinchoqni berishdan oldin muzlatgichda sovutib bersangiz, og‘riqni ham oladi);

3. Onaning toza qo‘llarini doka bilan o‘rab bola milklarini asta-asta massaj qilish (doka muzdek bo‘lsa ham yaxshi);

4. Pediatr belgilagan og‘riqni bosuvchi dori;

5. Tish og‘rig‘ini sezdirmaydigan maxsus gellar.

(ayrim bolalarda bunday gellar tish chiqish jarayonini sekinlashtirib qo‘yishi mumkin).

Maqola yoqqan bo‘lsa, do‘stlaringiz bilan bo‘lishing!

Manba: Uzbaby.uz