23 dekabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazma zalida «Toshkent quvonchlari» VI Xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi ishining yakunlanishiga bag‘ishlangan tantanali yopilish marosimi va g‘oliblarni mukofotlash tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Kultura.uz»ga asoslanib, Daryo.uz xabar bermoqda.
Qariyb 30 mamlakat bolalari biyennaleda o‘z ijodi namunalarini namoyish etdi. Ekspozitsiyaga 3 mingga yaqin rasmlar kirdi. Besh kun davom etgan tanlov yakunlarini tajribali hakamlar hay’ati yasab berdi.
Hay’at raisi, Latviyaning O‘zbekistondagi elchisi Edgars Bodnars amalga oshirilgan ulkan ish uchun barchaga minnatdorlik bildirdi.
Biyennalening bosh mukofoti — Gran-prini tailandlik 8 yoshli Chayanont Saksirivutto Happy Day surati uchun qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, «Mavzuning eng yaxshi aks ettirilganligi», «Professional mahorat uchun», «Ijodiy fantaziya uchun» nominatsiyalari bo‘yicha yettitadan oltin, kumush va bronza medallari taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilarga esdalik medallari hamda «Toshkent quvonchlari» Xalqaro biyennalesining sertifikatlari topshirildi. O‘zbekistonlik, latviyalik, litvalik, rossiyalik, ukrainalik, gretsiyalik bolalar taqdirlandi.