1 iyun kuni Toshkentning Yoshlar ijodiyoti saroyida "Bolajonlar-shirintoylar" respublika bolalar moda festivali o‘z nihoyasiga yetdi, deb Kun.Uz yozmoqda.
Kolleksiya namoyishida "Tomosha", "Tantana" va Diamonds kids bolalar ijodiy guruhlarining yosh modellari, shuningdek 2 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan "Kolibri" art-byuro moda maktabining 180 nafar tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi.
Festival uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda taxminan 100 nafar dizayner bolalar libosi kolleksiyasi eskizlari bilan qatnashishdi. Ikkinchi bosqichda libos konstruksiyasi, texnologik ishlov berish xususiyatlari va boshqa parametrlar inobatga olindi. Tanlovning uchinchi - final bosqichi uchun 59 nafar dizayner tomonidan yaratilgan 40ta kolleksiya tanlab olindi. Tanlovda Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridan kelgan professional dizaynerlar bilan birga shu yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari ham ishtirok etishdi.
Dizaynerlar Dilyora Karimova, Margarita Isakova, Nargiza O‘rozova, Zebuniso G‘aniyeva, Sevara Zufarova, Umid Komilov, Shahzod Mahmudov, Kamola Jo‘rayeva, Shahnoza Qobilova va Umida Hamidova Bolalar moda tanlovi g‘oliblari deb e’lon qilindi.