Toyota Motor go‘daklar fe’l-atvorini namoyish qiluvchi Kirobo Mini robotini yaratdi. Shu yo‘l bilan tug‘ilishlar sonining kamayishi bilan bog‘liq muammoga ta’sir o‘tkazilmoqchi. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.
Kirobo Mini tirik suhbatdosh bilan muloqot qilib, uning his-tuyg‘ulariga yarasha javob berishga qodir. Sukunat holatida u yosh bolaning xatti-harakatlariga taqlidan u yondan bu yonga qimirlab o‘tiradi. 10 santimetrlik gumanoid, kompaniya vakillarining ishontirishicha, 5 yashar bolaning intellektiga ega.
Robot hozircha faqat Yaponiya hududida sotiladi. Uning narxi — 390 dollar.
Kompaniya ushbu robot yordamida Yaponiya hukumatiga demografik muammolarni hal qilishga ko‘mak bermoqchi. Mamlakatda ayni damda tug‘ilish darajasi tushishi kuzatilmoqda. Mitti robot juftliklarda bolalarga nisbatan iliq tuyg‘ular uyg‘otishi, buning natijasida ular haqiqiy farzandga ega bo‘lishni istashi kutilmoqda.