Bilasizmi?

Transport vositasida ko‘ngil aynishidan qutulish yo‘llari

Biror manzilga yo‘l olganingizda transport vositasida bolaning ko‘ngli ayniy boshlashi barcha yo‘lovchilar uchun haqiqiy sinovga aylanadi. Bundan bolalarning deyarli uchdan ikki qismi aziyat chekadi.

Bola ulg‘aya borishi bilan bu muammo sekin-asta yo‘qolib boradi. Biroq bu vaqtga qadar ota-onalar farzandi yo‘lni osonroq bosib o‘tishi uchun turli usullarni sinovdan o‘tkazadi. Quyida ko‘pchilik ota-onalar tomonidan samarali usul deb topilgan va bolaning avtomobildagi sayohatni yoqtirib qolishiga sabab bo‘ladigan usullarni keltirib o‘tamiz:

  1. Avtomobil salonidagi haroratni nazorat qilib turing

Harorat qulay-salqin bo‘lishi va ortiqcha issiq havo bolani lohas qilmasligi lozim. Agar imkoniyati bo‘lsa, derazani biroz ochib qo‘ying. Yengil shamol bolani tetiklashtiradi.

  1. Avtoo‘rindiqni bolaga yo‘l ko‘rinadigan qilib mustahkamlang

Siz yurib ketayotgan yo‘lning bolaga ko‘rinib turishi uni chalg‘itishga xizmat qiladi. Agar bola uchun mo‘ljallangan avtomobil o‘rindig‘i odatdagiday oldinda o‘tirgan yo‘lovchining orqasiga o‘rnatilgan bo‘lsa, harakatsiz ob’yektga uzluksiz qarash ta’sirida ham bolaning ko‘ngli aynishi mumkin.

  1. Bolani turli o‘yinlarga qiziqtirishga harakat qiling

Masalan, svetoforlarni sanash mumkin. Biroq bu kabi o‘yinni ham 5—7 daqiqadan ortiq davom ettirmaslik kerak.

  1. Bola bilan ko‘proq gaplashing

Bolaga so‘z o‘yini, turli topishmoqlarni topishni taklif qiling. Uning bu kabi qiziqarli mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishi yo‘ldagi noqulay hissiyotlarga e’tibor qaratmasligiga sabab bo‘ladi.

  1. Undan o‘zini qanday his qilayotganligi haqida so‘ramang

U o‘zini qanday his qilayotganligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri va muntazam ravishda so‘rayvermaslikka harakat qiling. Bu bilan siz oldini olmoqchi bo‘lgan hodisaning muqarrar yuz berishiga bolada ishonch uyg‘otishingiz mumkin.

  1. Yo‘lga chiqishdan avval o‘zingiz bilan nordon konfetlar oling va sayohat davomida bolaga ularni taklif qiling.
  2. Ko‘ngil aynishiga qarshi dori vositasi sifatida yupqa qilib kesilgan va shakar sepilgan limon bo‘laklari ham asqotishi mumkin. Ularni bolaga so‘rish uchun bering. Biroq bu usul allergiyasi bor bolalarga to‘g‘ri kelmaydi.
  3. Yo‘lga chiqishdan oldin bola juda to‘yib olmasligi lozim. Biroq och qorin bilan chiqish ham yaramaydi. "Oltin oraliq"ni topishga harakat qiling - tvorog, bolalar yogurti, qaynatilgan go‘sht va mevalar kabi.
  4. Bolaga gazli ichimliklar ichishga ruxsat bermang
  5. Bola yo‘lni osonroq bosib o‘tishi uchun kechasi yo‘lga chiqishga harakat qiling. Agar buning iloji bo‘lmasa, bola uxlaydigan paytni mo‘ljallang. Mashinani tez-tez to‘xtatib turishga harakat qiling.

Maqolani tayyorlashda "Parenting.ru" sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.