Bilasizmi?

Xalq ta’limi vazirligi 10-sinf darsliklarini taqdim etdi

O‘zbekistonda umumta’lim maktablarining qayta ochilayotgan 10-sinflari 18 million nusxadagi darsliklarni chop etdi. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub yig‘ilishida ma’lum qildi.

«Xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganib, fanlarning dolzarbligini ko‘rib chiqqan holda 10-sinf o‘quvchilari uchun 12 ta fan bo‘yicha 18 ta o‘quv darsligini joriy etishga qaror qildik», — dedi vazir. 10-sinflar uchun dasturlar xalqaro standartlar hisobga olingan holda ishlab chiqilgan, deya qo‘shimcha qildi u.

XTV umumta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Kenjayev 10-sinflarni o‘qituvchilar bilan ta’minlash masalasi to‘liq hal etilganini (ularga bo‘lgan ehtiyoj 22 ming nafar atrofida baholandi) ma’lum qildi. «Joriy yilda 9500 nafardan ziyod talaba pedagogika yo‘nalishidagi OTMlarni tamomladi. Yana 13,5 ming o‘qituvchilar esa avval litsey va kollejlarda faoliyat ko‘rsatganlardir», — dedi u.

Xalq ta’limi vaziri 10-sinflarning joriy etilishi qator muammolar, masalan o‘quv xonalarining yetishmasligi masalasini hal etishni taqozo qilishini ham tan oldi. Uning ta’kidlashicha, ushbu masalani hal etish uchun smenali o‘qishga o‘tiladi, shuningdek maktablarda qo‘shimcha binolar quriladi.

10-sinf o‘quvchilarini kasbga tayyorlash masalasida haftasida bir marotabadan kasbiy ko‘nikmalarni o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.