Bilasizmi?

Xalq ta’limi vazirligi xususiy maktablar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

Xalq ta’limi vazirligida xususiy maktablarning mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xususiy maktablarni rivojlantirishdagi muammolar muhokama qilindi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda dividendlar olish imkoniyati yo‘qligi, soliq imtiyozlari mavjud emasligi, o‘quv korpuslari va binolarni ijaraga olish, qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlar sabab xususiy maktablar maktab bitiruvchilariga attectat bera olmasligi  kabi muammoli holatlarga to‘xtalib o‘tildi.

Xalq ta’limi vaziri nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirishda, jumladan, davlat-xususiy hamkorligi ko‘rinishida  yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Xabarda aytilishicha,  mavjud quvvatidan o‘quvchi soni kam bo‘lgan maktablarda davlat-xususiy hamkorligini yo‘lga qo‘yib, xususiy investorlar tomonidan maktabda mavjud o‘quvchilarga bepul ta’lim berish javobgarligini olishi kabi xorijiy davlatlarda mavjud tajriba qayd etildi.

Vazir bunday yondashuv byudjet mablag‘larining bir qismini ozod qilib, ularni boshqa davlat ta’lim muassasalarini, shu jumladan, chekka tumanlardagi maktablar va maktab filiallarini takomillashtirishga yo‘naltirish imkonini berishini ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilishda shuningdek, malaka oshirish markazlarini davlat-xususiy hamkorligi ko‘rinishida tashkil qilish istiqbollari muhokama qilindi. Taraflar bugungi kunda o‘quv-metodik jarayonini rivojlantirish, davlat ta’lim standartlari, darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni yaratishdagi bo‘shliqlarni alohida qayd etdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi bilan xususiy maktablar vakillari o‘rtasida yuqorida aytib o‘tilgan muammolarni hal etishda va xalq ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tayyorlanayotgan qaror loyihalariga takliflar kiritishda yaqin hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.