Maktab yoshi

Yangi Maktab, Yangi "do‘stlar"...

Yangi maktabga o‘rganolmayapman — farzandingizning bu gapi sizni o‘yga toldirib qo‘ydi-ya? Xavotirlanmang, bu fojea emas.

Yangi sharoit, yangi joy faqat bolalarni emas, balki kattalarni ham cho‘chitishi turgan gap. O‘zimiz bilmagan, o‘rganmagan joydagi noma’lum xavf bizni qo‘rqitadi. Endi bolaning bu gapi uchun xafa bo‘lish ham noo‘rin. Uni sinfdoshlari, tengdoshlari bilan “til topishib” ketishi uchun nima qilishimiz zarur?

Sinfdagilar meni qabul qilarmikan, ular meni o‘ziniki deb bilarmikan bu savollar bolani tinch qo‘ymaydi. U o‘z qobig‘iga o‘ralib olmasligi uchun esa ota-onaning ruhiy daldasiga ehtiyoj sezadi. Bu bolangizdagi xarakterdan kelib chiqadi. U moslashuvchan fe’lli bo‘lsa bu yangi aloqalar uni xursand qiladi, u osongina o‘rtoq topib olishi mumkin.

VAQTNI TANLAY OLING

Bolaning maktabini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelsa buning uchun o‘quv yilining boshini tanlang. Bola bu vaqtda moslashishi qulayroq bo‘ladi. Iloji bo‘lsa bolani oldinroqdan maktabga olib borib sinf rahbari bilan tanishtiring.

  • Bolaga yangi maktabining afzalliklari haqida misollar bilan gapirib bering.
  • Farzandingizning yangi maktab bilan bog‘liq har bir muammosini e’tibor bilan eshiting. Undagi qo‘rquvni bartaraf etishda sizning maslahatlaringiz qo‘l keladi.
  • Uning eski maktabidagi o‘rtoqlarini mehmonga chaqiring. Agar u yangi o‘rtoqlariga ko‘nikib bo‘lgan bo‘lsa, ularni ham taklif qiling.
  • O‘zingiz ham bolaga qo‘shilib xavotirlanayotganingizni unga aslo sezdirmang. Sizdagi ishonch bolada ham o‘ziga bo‘lgan ishonch oshishiga majbur qiladi.
  • Sinf rahbarining yoniga borib bolangizning kuchli va zaif tomonlari xususida ham so‘zlab bering.
  • Sinfdan tashqari uyushtiriladigan sayohatlarga bolangiz borishiga ruxsat bering. Maktabdan tashqari aloqalar bolalarni bir-biriga yaqinlashtiradi.

KO‘P KUZATILADIGAN HOLATLAR

Yangi odamni hamma joyda oldin kuzatishadi, o‘rganishadi, keyin munosabat o‘rnatishadi. Maktabda ham o‘zining liderlari bor, norasmiy yetakchilariyu, zo‘ravonlarigacha yetarli. Bola ularning har birini o‘rganib ularga moslashishi uchun boshida qiyin bo‘ladi.Yana bir muammo, yangi sinfdoshlar o‘zlari bilmagan holda yangi bolaga past baho beradilar. Ammo, bola o‘zini har doim qanday bo‘lsa shundayligicha tutishi tavsiya etiladi.

Bolangizga “Hamma o‘rinlar egallab bo‘lingan menga o‘rin yo‘q” deyish noto‘g‘ri ekanligini tushuntiring. Har bir odamning o‘zigagina xos bo‘lgan o‘rni bor. Faqat buning uchun sinfdoshlaridan o‘ziga yoqqanlariga do‘stlik qo‘lini cho‘zishi kerak.

OTA-ONA NIMA QILIShI KeRAK?

Bolalarning umumiy qiziqishlari birlashadigan to‘garaklar — sport, suzish, shaxmat kabilarga borishiga ruxsat bering.Maktab yillari o‘tib ketadi, lekin do‘stlar yo‘qolmaydi.

Ota-onalar majlisiga borib, u yerdagi ota-onalar bilan tanishing.

Sinfdagilarning umumiy qiziqishlari nimaligini bilib oling.

Yangi maktabga o‘rganish bolaga qanchalik qiyinchilik tug‘dirmasin, u sizning yuzingizda o‘ziga bo‘lgan ishonch va hayrihohlikni ko‘rib tursin.

SUV BO‘LISh USULI

Bola jamoada tanqiddan qochib, ko‘proq kulishi kerak. Eski maktabi va yangisini solishtirish uning foydasiga xizmat qilmasligi mumkin. Har bir jamoaning o‘zining yozilgan va yozilmagan qonun qoidalari bo‘ladi. Bola ana shu qoidalarga bo‘ysunmasa, uni jamoa o‘ziga qo‘shmaydi. Yana o‘zinikini o‘tkazaman deb urinishi ham butun jamoaning unga qarshi chiqishiga olib kelishi mumkin.

Psixolog Nafosat Zikirova tavsiyalari asosida yozildi.