2017-2020 yillar davomida umumiy ovqatlanish joyi mavjud bo‘lmagan 400dan ortiq ta’lim muassasalarida bufet tipidagi oshxonalar tashkil qilinadi. Bundan tashqari, ishlamayotgan oshxonalar qayta jihozlanadi va yana ish boshlaydi.
Ushbu chora-tadbirlar Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 maydagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshiriladi. O‘zbekiston oshpazlar assotsiatsiyasi vakili Hakim Nazarovning aytishicha, assotsiatsiya tomonidan o‘quvchilarning yoshlari hisobga olingan holda mamlakat bosh sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan zarur kaloriyaga ega kompleks menyu ishlab chiqilgan.
«Umumta’lim muassasalaridagi oshxonalar tanlov asosida tadbirkorlarga ijaraga beriladi. Bunda korxona barcha me’yoriy talablarga javob berishi, ushbu sohada ish tajribasiga ega bo‘lishi, malakali mutaxassis va tegishli texnologik jihozlarga ega bo‘lishi darkor. Ijaraga oluvchilar bilan bir yillik shartnoma tuziladi, agarda ular barcha talablarga muvofiq holda faoliyat olib borsalar, shartnoma bir necha yilga uzaytirilishi mumkin», — deydi Nazarov. Oshpazlar assotsiatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika sanitariya xizmati bilan birgalikda maxsus komissiya tashkil etgan bo‘lib, u ma’lum bir vaqt davomida ushbu korxonalar faoliyatini tekshirib, nazorat qilib turadi. Hakim Nazarovning aytishicha, hozirda ovqatlanish kombinatlari — «Yoshlar ishlab chiqarish keytring korxonasi» barpo etish taklifi kiritilgan. «Biz Rossiya, Germaniya, Fransiya davlatlari tajribasini o‘rganib chiqdik. Shu asosda mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan o‘z variantimizni taklif qildik. Kombinat barcha turdagi taomlarni ishlab chiqaradi hamda bu taomlar maktab, kollej va litseylarda sotiladi. Bu xarajatlarni qisqartiradi, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi», — deydi u. Uning aytishicha, o‘quvchilarga mo‘ljallangan barcha taomlar maxsus termo-konteynerlarda yetkazib beriladi.
2017 yilda har bir viloyatda ana shunday kombinat ochish rejalashtirilgan, 2018 yilda esa har bir tumanda ochiladi. Nazarovning fikriga ko‘ra, respublikadagi aksariyat oshxonalardagi jihozlardan yetarlicha foydalanilmayapti. Kombinatlar tashkil etilishi natijasida ular to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi. Hozirgi kunda respublikada 100ta kasb-hunar kollejida umumiy ovqatlanish sohasi mutaxassislari tayyorlanmoqda. Ularda 9 mingga yaqin o‘g‘il-qizlar ta’lim olishmoqda. O‘quv dasturiga o‘zgartirishlar kiritildi, bolalar va parhez taomlarini tayyorlash texnologiyasiga bag‘ishlangan maxsus kurs tashkil etildi. Mazkur kollejlarni bitirgan yoshlar yangi tashkil etiladigan kombinatlarda ishlashlari mumkin bo‘ladi. Nazarovning aytishiga ko‘ra, bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari, maktab, litsey va kollejlar o‘quvchilari uchun ularning yoshlari hisobga olingan holda maxsus menyular ishlab chiqilgan. Menyudan albatta salat, birinchi va ikkinchi taomlar, desert o‘rin oladi. Kompleks tushlik maktab o‘quvchilari uchun taxminan 2000 so‘m atrofida bo‘ladi.