Bilasizmi?

Yangi qaror loyihasi: yetim bolalarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining «Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi, deb yozmoqda Kun.uz.

Hujjatga ko‘ra, yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tarbiya, davolash-sog‘lomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalariga hamda akademik litseylarga, shuningdek, kasb-hunar kollejlariga ta’lim-tarbiyaga berilgan kundan e’tiboran to‘liq davlat ta’minotida bo‘ladi.

Belgilanishicha:

to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalarga va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ta’lim berish, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa ashyoviy ta’minot buyumlari bilan ta’minlash, ular ta’lim muassasalarini bitirayotganda, ishga qabul qilinayotganda kiyim-bosh, poyabzal va boshqa ashyoviy ta’minot buyumlari sotib olish uchun nafaqa to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar davlat ta’lim muassasalari faoliyatini ta’minlash uchun tegishli yilga nazarda tutiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta’lim olayotgan to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ularning shaxsiy xarajatlari uchun har oyda eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida pul mablag‘lari to‘lanadi.

Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta’lim olayotgan to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni pul nafaqalari hamda oziq-ovqat, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa ashyoviy ta’minot buyumlari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta’lim olayotgan to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni pul nafaqalari hamda oziq-ovqat, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa ashyoviy ta’minot buyumlari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, o‘quvchilarga ular umumta’lim maktabi yoki muassasani bitirayotganda, ishga qabul qilinayotganda kiyim-bosh, poyabzal va boshqa ashyoviy ta’minot buyumlari sotib olish uchun bir yo‘la eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida, yo‘l xarajatlari uchun eng kam oylik ish haqining 5 baravari miqdorida bitiruv nafaqasi beriladi.

Agar o‘quvchining yashash joyi u ta’lim olayotgan umumta’lim maktabi yoki muassasa joylashgan joydan 3 kilometrdan ortiq masofani tashkil etsa, o‘quvchilar transportda yurish kartochkalari bilan ta’minlanadi.

Muassasada ta’lim olayotgan vasiylikka (homiylikka), oilaga tarbiyaga (patronat) berilgan o‘quvchilar voyaga yetgandan so‘ng, ularga shaxsiy xarajatlari uchun muassasani tamomlagunlariga qadar har oyda eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida pul mablag‘lari berib boriladi.

Muassasada ta’lim olayotgan vaqtda yetim bo‘lib qolgan, ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda homiy tayinlanadi. Homiy tayinlashning imkoni mavjud bo‘lmagan hollarda, muassasa joylashgan hududdagi tuman (shahar) hokimining qarori bilan ushbu bolalarga nisbatan ular ta’lim olayotgan muassasa homiy etib tayinlanadi.

Tuman (shahar) hokimining qarori bolaning to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalar toifasiga kirishiga asos hisoblanadi.

Ushbu toifadagi o‘quvchilarga bitiruv nafaqasi berilmaydi.

Muassasada o‘quvchilarga ijtimoiy ta’minot yordami, transportda yurish kartochkalari hamda bitiruv nafaqasini berish yuzasidan murojaatlarni o‘rganish bo‘yicha doimiy komissiya (keyingi o‘rinlarda komissiya deb yuritiladi) tuziladi.

O‘quvchilarga ijtimoiy ta’minot yordami, transportda yurish kartochkalari hamda bitiruv nafaqasini berish bo‘yicha tegishli hujjatlarni yig‘ish va rasmiylashtirish o‘quvchining guruh rahbari yoki murabbiyi (keyingi o‘rinlarda guruh rahbari deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.

O‘quvchilar ijtimoiy ta’minot yordami, transportda yurish kartochkalari hamda bitiruv nafaqasini olish uchun muassasa rahbariga ariza bilan murojaat qiladi.

O‘quvchiga ijtimoiy ta’minot yordami, transportda yurish kartochkalari hamda bitiruv nafaqasini berish masalasini hal qilish uchun guruh rahbari tomonidan komissiyaga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

a) o‘quvchining arizasi; b) tuman (shahar) hokimining o‘quvchini davlat tarbiya, davolash-sog‘lomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarga joylashtirish yoki to‘liq davlat ta’minotiga olish haqidagi qarori nusxasi; v) o‘quvchining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi; g) o‘quvchining yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjatlar: ota-onasining o‘limi haqidagi guvohnoma nusxasi yoki sudning ota-onani vafot etgan deb topganligi to‘g‘risidagi qarori nusxasi; ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi; d) kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatda turuvchi oila farzandi ekanligini tasdiqlovchi hujjat (muassasada ta’lim olayotgan davrida voyaga yetganligi (o‘n sakkiz yoshga to‘lganligi) munosabati bilan homiylikdan chiqqan hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi to‘xtatilgan o‘quvchilar uchun talab etiladi).

Kelib tushgan hujjatlarni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha o‘quvchiga ijtimoiy ta’minot yordami, transportda yurish kartochkalari hamda bitiruv nafaqasining berilishi yoki rad etilishi to‘g‘risida komissiyaning qarori qabul qilinadi va ta’lim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlangan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

O‘quvchiga ijtimoiy ta’minot yordami, transportda yurish kartochkalari hamda bitiruv nafaqasi komissiyaning qaroriga muvofiq qabul qilingan muassasa rahbarining buyrug‘iga asosan beriladi.

O‘quvchiga ijtimoiy ta’minot yordamini berish naqd pul shaklida yoki ularning bank plastik kartasiga pul o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

O‘quvchilarning xohishiga ko‘ra, ijtimoiy ta’minot yordamini olish uchun to‘lanadigan pul mablag‘larining o‘rniga unga teng miqdorda kiyim-bosh, poyabzal va boshqa ashyoviy ta’minot buyumlari berilishi mumkin.

Transportda yurish kartochkalari yo‘lovchi tashish transportlarida (taksidan tashqari) yurish uchun oylik yo‘l chiptalari joriy etilgan hududlarda beriladi.

Agar o‘quvchi o‘qiydigan tumanda (shahar) yoki aholi punktida bu turdagi kartochka tizimi bo‘lmasa, u holda ularga jamoat transportida yurishlari uchun belgilangan miqdorda naqd pul beriladi.

Transportda yurish kartochkalari muassasalarning xarajatlar smetasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan sotib olinadi.

Transportda yurish kartochkalari muassasalar tomonidan yo‘lovchilar tashish transporti xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotning shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga pul o‘tkazish yo‘li bilan xarid qilinadi.

Transportda yurish kartochkalari o‘quvchilarga joriy oy tugashiga kamida ikki kun qolganida tarqatiladi.

Transportda yurish kartochkalari o‘qish davri uchun beriladi.

O‘quvchilarga bitiruv nafaqalari bir marotaba, ular umumta’lim maktabini yoki akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini bitirayotganda, ishga qabul qilinayotganda beriladi.

O‘quvchi umumta’lim maktabining 11-sinfini bitirib, ishga qabul qilinayotgan bo‘lsa, unga bitiruv nafaqasi o‘zi tarbiyalangan muassasasidan beriladi.

Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan, ishga qabul qilinayotgan o‘quvchiga bitiruv nafaqasi o‘zi ta’lim olgan muassasasi tomonidan beriladi.

Agar o‘quvchi umumta’lim maktabining 11-sinfini yoki akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini bitirib, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgan taqdirda, unga bitiruv nafaqasi o‘zi ta’lim olayotgan oliy ta’lim muassasasini bitirayotganda, ishga qabul qilinayotganda ushbu oliy ta’lim muassasasi tomonidan beriladi.

Bitiruv nafaqasi har yili 1 sentyabrgacha bitiruvchining bank plastik kartasiga pul o‘tkazish orqali yoki naqd pul shaklida beriladi.

Bitiruvchi o‘z xohishiga ko‘ra bitiruv nafaqasi o‘rniga unga teng miqdorda kiyim-bosh, poyabzal va boshqa ashyoviy ta’minot buyumlarini olishi mumkin.