Ma’lumki, an’anaviy ravishda Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga o‘rnatib kelingan O‘zbekistonning asosiy Yangi yil archasi 2016 yilda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Anhor-Lokomotiv» bog‘iga ko‘chiriladigan bo‘ldi. AJ matbuot xizmati archaning ochilishi arafasida olib borilayotgan tayyorgarliklar aks etgan fotosuratlarni e’lon qildi. Bu haqda Daryo.uz.
Xalq sayli o‘tadigan maydondan avtoturargohga darvoza ochiladi. Bu dam olish uchun tashrif buyurganlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
Bayram kunlariga tayyorgarlik davom etmoqda. Bog‘ markazida 15 metrlik archa o‘rnatildi. Bog‘ hududida, shuningdek, Yangi yil sovg‘alari sotiladigan yarmarka tashkil etilishi, bolalar uchun mashhur ertak va multfilm qahramonlari ishtirokidagi animatorlar tomoshalari hozirlanishi kutilmoqda.
Dam olish joylari ham ochiq osmon ostida, ham yopiq binolarda mavjud. Jumladan, bog‘da restoran, bir qancha qahvaxona, bolalar o‘yin maydonlari, shuningdek, 320 tomoshabinga mo‘ljallangan yozgi teatr bor.
Joriy mavsumda eng ko‘p odam tashrif buyuradigan usti yopiq zonada esa interaktiv ko‘ngilochar attraksionlar va hordiq muassasalari joylashgan. Kartodromdan tashqari, bu yerda o‘yin markazlari mavjud. Kvest-Rum, Lazer-Tag, labirint, tir (ikki turdagi), Dahshat xonasi, o‘yin avtomatlari, qahvaxonalar va do‘konlar shular jumlasidandir.
Bayram kunlari bog‘da imtiyozli dastur hamda bolalar va yoshlar uchun chegirmalar tizimi amal qiladi. Masalan, talabalar va kollej o‘quvchilari guvohnomalarini ko‘rsatsa, ularga 25 foizlik chegirma taqdim etiladi. Bo‘yi 130 santimetrdan past bo‘lmagan 9–14 yoshdagi maktab o‘quvchilariga bolalar kartingi uchun 25 foizlik chegirma taqdim etiladi. Bundan tashqari, to‘rt kinozalda Yangi yil filmlari premeralari namoyish etilib, u yerda ham chegirmalar tizimi ishlaydi.
300 mashinaga mo‘ljallangan avtoturargoh bepul ishlaydi.